Prezident Sadir Japarov farmoniga ko‘ra, 16-dekabr kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va prezident administratsiyasi rahbari Akilbek Japarov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 24.kg xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Japarov o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozgan. Hukumatning navbatdagi rahbari kim bo‘lishi hozircha noma’lum. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u Qirg‘izistonning AQShdagi elchisi etib tayinlanishi mumkin.
O‘z navbatida, Adilbek Kasimaliyev Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari va prezident administratsiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Edil Baysalov Japarovning iste’fosiga izoh berarkan, prezident Sadir Japarov o‘z ma’muriyati rahbariyati va Vazirlar Mahkamasi rotatsiyasi to‘g‘risida qaror qabul qilganini bildirdi.
“Bu qaror mantiqiy va uning mamlakat jadal yuksalishiga yangi sur’at bag‘ishlash, davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uslubini yangilash istagi bilan bog‘liq. Shubhasiz, Akilbek Japarov respublikamiz tarixiga nafaqat mustaqilligimizning dastlabki 30 yilida to‘plagan bebaho tajribasi bilan hissa qo‘shgan, balki hokimiyatning butun vertikal tizimini butunlay qayta dasturlagan va qayta ishga tushirgan, barchamizni samarali va vijdonan boshqarishga o‘rgatgan davlat arbobi sifatida kiradi”, — deb yozadi Baysalov.
“Akilbek Japarov uzoqqa ketgani yo‘q. U davlatimiz rahbari bilan uning eng yaqin safdoshi sifatida yonma-yon bo‘lib, xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokorona xizmatini davom ettiradi. Bugun unga o‘zimning eng samimiy tilaklarim va minnatdorligimni izhor etmoqchiman. Rahmat sizga, Akilbek Usenbekovich!” — deyiladi xabarda.
Akilbek Japarov 2021-yil 1-iyundan 12-oktabrga qadar vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2021-yil 13-oktabrdan esa hukumat raisi va prezident ma’muriyatini boshqarib kelayotgandi.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasiga endi kim rahbar bo‘lishi mumkin?
Japarovning kutilmagan iste’fosidan so‘ng bo‘lajak vorislar faol muhokama qilinmoqda. Hozircha to‘rt nafar nufuzli shaxs tilga olinmoqda, deb yozadi 24.kg. Ular:
Kamchibek Tashiyev — Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari va Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, 56 yoshda. Prezident Sadir Japarovning yaqin safdoshi Tashiyev o‘zining qat’iy pozitsiyasi va kuch ishlatish tuzilmalaridagi tajribasi bilan mashhur. Uning tayinlanishi mamlakatda xavfsizlik va barqarorlik ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkin.
Adilbek Kasimaliyev — 64 yoshli davlat arbobi, Vazirlar Mahkamasi rahbari va prezident administratsiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi. Ilgari moliya vaziri va bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan tajribali moliyachi.
Bakit Toroboyev — Vazirlar Mahkamasi rahbarining o‘rinbosari va o‘rinbosarlik asosida qishloq xo‘jaligi vaziri, 51 yoshda. Toroboyev hukumatni boshqarishi mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar anchadan beri aytiladi. Biroq hokimiyatga ko‘tarilishning mavjud amaliyotini hisobga olgan holda, qishloq xo‘jaligi vaziri ilgari hech qachon bosh vazir lavozimiga ko‘tarilmagan.
Omurbek Babanov — 54 yoshli sobiq bosh vazir. Prezident Sadir Japarov bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar uning Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga qaytishi mumkinligi haqida mish-mishlarga sabab bo‘lmoqda. Babanov nomzodi kutilmagan, ammo strategik jihatdan asoslangan tanlov bo‘lishi mumkin.