Iqtisodiyot va moliya vazirligida yangi tayinlovlar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga vazirlikdagi manbasi.

Umid Abidxadjayev iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. U bunga qadar 2021-yil may oyidan beri Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Avvalroq esa Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari bo‘lgan.

2009-yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent Islom universitetini, 2014-yilda Yaponiyaning Keyo universitetining magistratura bosqichini hamda 2017-yilda Yaponiyaning Keyo universitetining doktorantura bosqichini iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2009-yilda Davlat mulki qo‘mitasining Tashqi aloqalar va jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan.

Yaponiyada Osiyo Taraqqiyot Banki Instituti, Osiyo taraqqiyot bankining Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi infratuzilma investitsiyalarini baholash instituti, Yaponiyadagi Keyo universiteti, Iqtisodiyot va sanoat vazirligida faoliyat yuritgan.

Bundan tashqari, Ilhom Umrzakov ham iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari bo‘ldi. U Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish departamentini ham boshqaradi.

Shu bilan birga, vazir o‘rinbosari Jasur Qarshiboyev, G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi Murod Bekberganovich lavozimlaridan ozod etildi. Ular mos ravishda iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi va Pensiya jamg‘armasi direktori bo‘ldi. Ular 2023-yil avgust oyida vazirlik tizimida ishlay boshlagandi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Abdulaziz Xaydarov esa G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.

U vazirlikdagi ishigacha Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimiga ishlagan. Undan avval Moliya vazirligining davlat organlari, prokuratura va sud tizimi faoliyatini moliyaviy ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.