16-dekabr kuni Suriyaning ag‘darilgan prezidenti Bashar Asad uning Rossiyaga qochishi sabablarini tushuntiruvchi bayonot e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, Asad “xavfsizlik nuqtai nazaridan aloqa butunlay uzilgani” sababli avvalroq chiqish qila olmagan.

Asad nomidan Suriya prezidenti devonxonasi e’lon qilgan bayonotda, xususan, uning “Suriyadan ketishi rejalashtirilmagani va bu ba’zilar ta’kidlaganidek janglarning so‘nggi soatlarida sodir bo‘lmagani” aytiladi. Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u Damashqda “8-dekabr, yakshanbaning ilk soatlariga qadar” qolgan.

“Terrorchi kuchlar Damashqqa kirib kelganida men jangovar operatsiyalarni kuzatish uchun rossiyalik ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikda Latakiyaga ko‘chib o‘tdim”, — deydi Asad.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaning Xmeymim aviabazasiga kelganida “qo‘shinlar barcha jangovar liniyalardan to‘liq olib chiqilgani va armiyaning so‘nggi pozitsiyalari qulagani aniq bo‘lgan”. Asadga ko‘ra, aviabazaning o‘zi ham dronlar hujumiga uchragan. Mavjud vaziyatni hisobga olgan holda, sobiq prezidentning ta’kidlashicha, aynan Moskva Xmeymim bazasi qo‘mondonligidan 8-dekabr kuni kechqurun uni mamlakatdan zudlik bilan evakuatsiya qilishni so‘ragan.

“Bu voqealar paytida men hech qachon iste’foga chiqish yoki boshpana so‘rash haqida o‘ylamaganman va hech bir shaxs yoki partiya menga buni taklif qilmagan. Yagona chora terrorchilik hujumiga qarshi kurashni davom ettirish edi”, — degan Asad “urushning birinchi kunidan boshlab shaxsiy manfaat yo‘lida o‘z hayotini saqlab qolishdan voz kechganini” va kurashni to‘xtatmaganini ta’kidladi.

“Davlat terrorchilar qo‘liga tushsa, har qanday lavozim o‘z ma’nosini yo‘qotadi, bu esa uning ishini ma’nosiz qiladi”, — dedi u va Suriyaga tegishliligini hamda mamlakat “yana erkin va mustaqil bo‘lishiga” umid qilishini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, maktub 2024-yil 16-dekabrda Moskvada yozilgan. Reuters agentligi avvalroq Bashar Asad mamlakatni tark etish rejalari haqida hech kimni, jumladan, yaqin atrofdagilarni ham oldindan ogohlantirmaganini ma’lum qilgandi. Asad, agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 7-dekabr kuni Mudofaa vazirligida harbiy rahbariyat bilan uchrashgan. U Rossiya harbiy yordami tez orada yetib kelishiga ishontirgan. Shu bilan birga, Reuters manbalariga ko‘ra, bundan bir necha kun oldin Asadga “Rossiya hech qanday harbiy yordam ko‘rsatmasligini aniq-ravshan anglatishgan”.

Agentlikning uch nafar suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Asad dastlab BAAga yashirinmoqchi bo‘lgan, biroq mamlakat rasmiylari xalqaro munosabatdan qo‘rqib, uni rad etgan. Biroq Moskva harbiy aralashuvdan bosh tortganiga qaramay, “Asadni o‘z holiga tashlab qo‘yishga tayyor emas edi”. Bir versiyaga ko‘ra, Asadning farzandlari va xotini u Suriyani tark etgan paytda allaqachon Moskvada bo‘lgan.