15-dekabr kuni Rossiya shaharlarida ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan bolalar O‘zbekistonga qaytarildi, deya xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, agentlik Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari xodimlari bilan hamkorlikda Rossiyaning oltita hududida joylashgan 10 nafar bolani vatanga qaytarish bo‘yicha ishlarni boshlangan.
O‘rganishlar jarayonida Tashqi ishlar vazirligi konsullik muassasalari ko‘magida yana 5 nafar bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgani aniqlangan.
Ular vatanga qaytarilib, ulardan 10 nafari o‘z oilalariga qaytarilishiga qadar Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga, qolgan 5 nafari esa vaqtinchalik Toshkent shahridagi Bolalar uyiga joylashtirilgan.
“Bolalar qaytarilgach mutasaddi xodimlar ularning oilaviy muhiti va bolaning holatini muntazam monitoring qiladi va zaruriyat tug‘ilganda ijtimoiy xizmatlar biriktiradi”, — deyiladi xabarda.