O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi internetda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereya va stavkalar (bukmekerlik) tashkilotchilari uchun litsenziya olish talablari va shartlarini tasdiqladi. Qaror 6-dekabr kuni qabul qilingan bo‘lsada, 12-dekabrga kelibgina e’lon qilindi.
Mazkur hujjat prezidentning aprel oyidagi farmonini ijro etish maqsadida qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra 2025-yil 1-yanvardan boshlab tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etishga ruxsat beriladi.
Hukumat litsenziyalovchi organ (Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, ILMA) tomonidan berilgan litsenziyalar asosida tashkil etilgan lotereyalar, internet o‘yinlar va bukmekerlik stavkalarida ishtirok etish qonuniy hisoblanishini belgilaydi.
Lotereyalar an’anaviy tarzda qog‘ozda lotereya biletlarini chiqarish, shuningdek, elektron shaklda tashkil etiladi.
Internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatini amalga oshirish uchun 5 yil muddatga namunaviy litsenziyalar beriladi.
Qimor o‘yinlari tashkilotchilari o‘z xizmatlarini taqdim etish uchun faqat bitta milliy internet segmenti domenidan foydalanishi mumkin.
Onlayn o‘yinlar uchun dasturiy ta’minot, shuningdek, lotereyalar uchun tasodifiy sonlarni generatsiya qilish texnologiyalari litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadigan vakolatli organlar va sinov laboratoriyalari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda, shuningdek, o‘yinchilar ro‘yxati, cheklovlar, shu jumladan sarflanishi (o‘ynalishi) mumkin bo‘lgan summalar, tranzaksiyalar va yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar limitlarini o‘z ichiga olgan stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat reyestri yuritiladi.
ILMA reyestrni ishlab chiqish buyurtmachisi, Uzinfocom davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlashning yagona integratori — reyestrni ishlab chiquvchi va operatori hisoblanadi.
Lotereya biletlarini (yoki lotereyada ishtirok etishning boshqa shakllarini) sotishdan olingan mablag‘lar ishtirokchilar o‘rtasida yutuqlar (sovrinlar) tarzida muayyan eng kam nisbatlarda taqsimlanishi kerak:
- An’anaviy lotereyalar (bunda chiptalar qog‘oz shaklida chiqariladi) uchun ishtirokchilarga yutuqlarni to‘lash uchun yig‘ilgan umumiy daromadning kamida 50 foizi ajratiladi. Mablag‘larning qolgan qismi (50 foizgacha) tashkilotchilar tomonidan xarajatlar, soliqlar, yig‘imlar yoki foydani qoplash uchun ishlatilishi mumkin.
- Elektron lotereyalar (bunda ishtirok etish raqamli platformalar orqali amalga oshiriladi) uchun ishtirokchilarga yutuqlarni to‘lashga jami yig‘ilgan daromadning kamida 75 foizi ajratiladi.
Internet-o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish uchun litsenziyalar berishdan va ularni o‘zgartirishdan tushadigan davlat bojining 20 foizi litsenziyalovchi organ hisobiga o‘tkaziladi.
Qarorga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida quyidagi mezonlarning kamida ikkitasi mavjud bo‘lsa, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, jumladan, internet-o‘yinlar, bukmekerlik garovi va lotereyalarning o‘tkazish joyi sifatida O‘zbekiston Respublikasi tan olinadi:
- o‘yinchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lsa;
- o‘yin O‘zbekiston hududida tashkil etilgan bo‘lsa;
- o‘yinchi o‘yinda O‘zbekiston hududidan qatnashsa;
- o‘yinga kirish uchun O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan IP-manzil va/yoki O‘zbekiston xalqaro kodiga ega mobil telefon raqamidan foydalaniladi;
- pul mablag‘larini kiritish va chiqarish uchun O‘zbekiston banklari tomonidan emissiya qilingan bank kartalaridan foydalaniladi yoki hisob-kitoblar va kliring O‘zbekiston hududida o‘tkaziladi;
- o‘yin O‘zbekiston hududida yashovchi o‘yinchilar uchun mo‘ljallanganda, jumladan, davlat tilida taqdim etilganda yoki reklama qilinganda.
Qimor o‘yinlarining tashkilotchilari yangi o‘yinchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishlari, bukmekerlik o‘yinlariga stavkalarni va onlayn-o‘yinlarda ishtirok etish uchun to‘lovlarni faqat o‘zlarining rasmiy veb-saytlari orqali elektron shaklda qabul qilishlari, stavkalar va o‘yinchilar reyestridan foydalanishlari va o‘yinchining shaxsini tasdiqlashlari shart.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga quyidagi vakolatlar beriladi:
- O‘zbekiston Respublikasi rezidentlariga tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va lotereyalar tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslar faoliyatini tekshirish. Bunda bunday tekshirishlarga O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan davlat nazorati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari tatbiq etilmaydi;
- Xorijiy yuridik shaxslarga nisbatan tavakkalchilikka asoslangan lotereyalar va o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarimalar qo‘llash. Bunda jarima summasining 50 foizi litsenziyalovchi organning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
- Lotereyalar, internet-o‘yinlar va bukmekerlik stavkalarini tashkil etish faoliyatini litsenziyalashda, shuningdek ushbu faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishda asoslangan mulohazadan foydalanish.
ILMA quyidagilarni yuritadi:
- Internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik stavkalariga asoslangan o‘yinlarda ishtirok etish taqiqlangan O‘zbekiston fuqarolari va chet el fuqarolari toifalarining ro‘yxati;
- Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga qaramligi mavjud shaxslar ro‘yxati. Jismoniy shaxs ushbu ro‘yxatga o‘z arizasiga ko‘ra 6 oydan 5 yilgacha muddatga yoki sud qarori asosida yaqin qarindoshining arizasiga ko‘ra 5 yilgacha muddatga kiritilishi mumkin.
Uch oy muddatda O‘zbekiston fuqarolarining yoshi, sog‘lig‘i, daromad manbalari va boshqa omillarni hisobga olgan holda internetdagi qimor, lotereya va stavkalarda ishtirok etishi taqiqlangan toifalarini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi cheklovlar ro‘yxati tasdiqlangandan so‘ng ikki oy muddatda vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini texnik ko‘mak ko‘rsatgan holda reyestrdagi tegishli ma’lumotlardan foydalanish uchun ulanishini ta’minlashi kerak.
O‘yinlar va stavkalar tashkilotchilari uchun talablar
O‘zbekistonda qimor o‘yinlari, stavkalar va lotereyalarni tashkil etish bilan faqat yuridik shaxslar — mamlakat rezidentlari shug‘ullanishi mumkin. Ular o‘yinlar tashkil etiladigan serverlarni mamlakat hududida joylashtirishlari kerak.
O‘yinlar va stavkalar tashkilotchilari uchun eng kam ustav kapitali 150 ming BHMni (56,25 mlrd so‘m), lotereyalar uchun esa 55 ming BHMni (20,625 mlrd so‘m) tashkil etadi.
Bundan tashqari, bankdagi maxsus hisob raqamida o‘yinlar va stavkalar uchun BHMning 75 ming baravari (28,125 mlrd so‘m) va lotereyalar uchun BHMning 40 ming baravari (15 mlrd so‘m) zaxira jamg‘armasini shakllantirish zarur. Bu pullar yutuqlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash, stavkalarni qaytarish, soliq va boshqa majburiyatlarni bajarishga yo‘naltiriladi.
Quyidagi shaxslar internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar tashkilotchilarining rahbarlari bo‘lishi mumkin emas:
- terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishda ishtirok etgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotganlar;
- iqtisodiy jinoyatlar, jinoiy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, korrupsiya, kiberjinoyatlar uchun gumon qilinayotgan yoki sudlangan, bunday shaxslarning sudlanganligi olib tashlanmagan yoki tugallanmagan bo‘lganlar;
- uch yildan kam vaqt oldin litsenziya talablari buzilganligi sababli qimor o‘yinlarini tashkil etish litsenziyasidan mahrum etilgan kompaniyalarning ta’sischilari, bosh buxgalterlari yoki ijrochi lavozimlarida ishlagan bo‘lganlar;
- ikki yildan kamroq vaqt oldin bankrot deb topilgan kompaniyaning ijroiya organi a’zolari bo‘lganlar.
Bundan tashqari, daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan mamlakat rezidenti tashkilotchi kompaniya ta’sischisi bo‘la olmaydi.
Shuningdek, ushbu toifadagi shaxslarga bosh buxgalter bo‘lish taqiqlanadi.
Ta’sischi va yakuniy benefitsiar o‘rtasida uchdan ortiq bo‘g‘indan iborat haddan tashqari murakkab egalik tuzilmasi bo‘lmasligi kerak. Rahbarlar tarkibidagi o‘zgarishlar, shuningdek ustav kapitalidagi ulushlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish bo‘yicha harakatlar ILMA bilan kelishilishi lozim.
Lotereyalar tashkilotchilari uchun qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari belgilangan. Xususan, chiqarilgan va muomalada bo‘lgan lotereya biletlari hajmi faoliyatning birinchi yilida litsenziatning o‘z mablag‘lari miqdorining 5 baravaridan, ikkinchi yilida 10 baravaridan, keyingi yillarda 25 baravaridan oshmasligi kerak. Agar litsenziatning o‘z mablag‘lari yetarli bo‘lmasa, lotereya o‘yinlarini rejalashtirilgan hajmda o‘tkazishga faqat moliya tashkilotlarining kafolatlari mavjud bo‘lgan taqdirdagina ruxsat beriladi.
Litsenziya olish qiymati
Qimor o‘yinlari tashkilotchilarini litsenziyalash va sohani tartibga solish uchun Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mas’uldir. Faoliyatning har bir turi alohida litsenziyani talab qiladi.
Litsenziya 5 yil muddatga beriladi. Yangi litsenziyani rasmiylashtirish uchun BHMning 500 baravari (18,75 mln so‘m), uni o‘zgartirish uchun — BHMning 250 baravari (9 375 000 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
ILMA bukmekerlar va qimor o‘yinlari tashkilotchilaridan barcha stavkalardan, shuningdek, har bir lotereya chiptasi uchun tushumdan 1 foiz miqdorida haq oladi. Lotereyalar tashkilotchilari lotereya o‘yinlarini o‘tkazish talablarini tasdiqlaganlik uchun sovrin fondining 0,1 foizi miqdorida yig‘im to‘laydi.
Taqiqlar
Internetda qimor o‘yinlari, lotereyalarni tashkil etish va o‘tkazishda quyidagilar taqiqlanadi:
- Qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik stavkalarida ishtirok etish, yutuq yoki mag‘lubiyat bilan bog‘liq to‘lovlarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga tegishli bank hisobvaraqlaridan, shu jumladan bank kartalaridan amalga oshirish;
- Lotereya biletlarini sotish shoxobchalaridan tashqarida qimor o‘yinlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan, o‘yinchilarning bevosita ishtirok etishi va hozir bo‘lishini talab qiladigan statsionar yoki mobil o‘yin zallari, kazinolar, o‘yin avtomatlari zallari yoki boshqa o‘yin muassasalarini tashkil etish;
- O‘zbekiston hududida va O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan hodisalarga (sport o‘yinlari va musobaqalari, siyosiy jarayonlar, tanlovlar va boshqalar), xalqaro federatsiyalar qoidalariga muvofiq tegishli tayyorgarlik, nazorat va hakamlik ta’minlangan, tomoshabinlar ishtirokida o‘tkaziladigan xalqaro sport musobaqalari va tadbirlari bundan mustasno;
- Bolalar va o‘smirlar sport musobaqalariga stavkalar qo‘yish.
Verifikatsiya
Qaror bilan Internetda qimor, lotereya va stavkalar tashkilotchilarining mijozlarini raqamli (masofadan) identifikatsiya qilish to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlangan. O‘yinchilar raqamli (masofadan) identifikatsiyadan o‘tishi shart. Jarayon faqat O‘zbekiston yoki chet ellik mijoz fuqarosi bo‘lgan mamlakatga tegishli IP-manzil yoki telefon raqamidan amalga oshirilishi mumkin.
Mijoz o‘zining fotosurati va identifikatsiya hujjati (pasport, ID-karta) nusxasini taqdim etishi shart. O‘zbekiston fuqarolarini, chet el fuqarolarini va respublika hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni tekshirish uchun elektron hukumat ma’lumotlar bazasidan foydalaniladi. Agar bazada mijoz haqida ma’lumot topilmasa, uning shaxsini videoaloqa orqali aniqlashga ruxsat beriladi.
Tashkilotchi mijozlarni terrorchilik faoliyatida, ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatida yo‘qligini tekshirishi shart. Mijozlarni alkogol yoki boshqa turdagi mastlik holatida yoki uchinchi shaxslarning ko‘rsatmasiga ko‘ra harakat qilayotgan holatda tekshirish taqiqlanadi.
Agentlik 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagi hujjatlar va tartiblarni ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim:
- internetda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik stavkalarini tashkil etish faoliyatini litsenziyalash;
- lotereyalar tashkil etish va o‘tkazish;
- bukmekerlik faoliyatini tashkil etish va o‘tkazish;
- onlayn qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi;
- Stavkalar va o‘yinchilar yagona davlat registri to‘g‘risidagi nizom;
- internet tarmog‘idagi o‘yinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyati tashkilotchilariga, shuningdek, sohada O‘zbekiston rezidentlariga noqonuniy xizmatlar ko‘rsatayotgan chet el yuridik shaxslariga jarimalar solish.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi va agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qimor o‘yinlarini qonunga xilof ravishda tashkil etish va o‘tkazish, shu jumladan, qimorxonalar tashkil etish va ulardan foydalanish, shuningdek, bunday o‘yinlarga pul kiritish uchun xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiriladi.