Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olinganini aytdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

“Bu borada sustkashlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan iqtisodiy kompleksdagi 297 nafar rahbar ishdan olindi. Ular o‘rniga zamonaviy fikrlaydigan, yangi tajriba yaratib, odamlarimizni rozi qilaman degan tashabbuskor yoshlar ishga olindi”, — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev ayrim rahbarlar “bu vaqtincha, bir-ikki yilda o‘tib ketadi” degan kayfiyatda yurganini alohida ta’kidladi.

“Qat’iy ogohlantiraman — mahallaga tushib, odamlarimiz va tadbirkorlar muammosini hal qilmagan rahbar ishlamaydi. Hamma o‘zgarishi kerak. Ko‘rib turibsizlar, har daqiqa dunyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat qiyinlashib, yangi-yangi tahdidlar paydo bo‘layapti. Ularga bugun javob topmasak, keyin kech bo‘ladi”, — dedi prezident.