Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yig‘ilishda banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishini aytdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

“Yig‘ilishda prezident banklarni o‘ylantirayotgan qator masalalar borligini ta’kidlab, ularning yechimiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, banklar balansida 3 mingta harakatsiz mulk bor. Banklar ulardan tezroq qutilsa, qo‘shimcha resurs va 150 mingta ish o‘rni yaratish uchun zaxira paydo bo‘ladi. Shu bois, banklarga harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishi belgilandi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, banklar bu mulklarni daromadli biznesga aylantirib, tayyor holda investorga sotadigan tizim yaratiladi.

Shuningdek, yig‘ilishda kredit qarzi hisobidan garovni sud orqali undirish jarayonining tezkorligini oshirish dolzarb masala bo‘lib turgani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, bank huquqlari ustuvorligini ta’minlash, undiruvga qaratilgan mulklarni tezroq sotish, sud orqali undiruv muddati, ortiqcha kelishuv hujjatlari va sud xarajatlarini keskin qisqartirish, garov bilan ta’minlangan qarzlarni sudgacha undirish amaliyotini keng qo‘llash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Prezident bu takliflarni har tomonlama ko‘rib chiqib, qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish muhimligini aytdi.

Davlat rahbari majburiy undiruvga qaratilgan mulklar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev bu jarayonni takomillashtirish maqsadida manfaatdor tomonlar o‘rtasida onlayn axborot almashishni yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.