O‘zbekiston tumanlarida mahalla bankirlari paydo bo‘ladi. Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu taklifni qo‘llab-quvvatladi, deb xabar qildi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Davlat rahbari mahallalar darajasida hokimlar banklar bilan hamkorlikda ish olib borishi kerakligini ta’kidladi.
Ular Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tumanlarining aholi daromadlarini oshirish, o‘zaro hamkorlikning samarali tizimini yaratishga qaratilgan tajribasini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Bunda tuman banklari mijozbay ishlab, tadbirkorlar loyihalariga ko‘maklashadi, ularning muammolarini joyida hal etadi, tuman hokimlari esa loyihani joy va infratuzilma bilan ta’minlash majburiyatini oladi.
Davlat rahbari tumanlarda mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Mahalla bankirlari mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganadi, odamlar bilan gaplashib, ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantiradi. Aholini kredit olish, qaytarish, biznes ochish, mahsulotini sotishga o‘rgatadi, loyihalarga hamrohlik qiladi.
Prezident jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat butun dunyoda milliy iqtisodiyotlarga ta’sirini o‘tkazayotganini qayd etdi. Bunday sharoitda mamlakat moliya-bank tizimining barcha bo‘g‘inlarida moliyaviy intizom va shaxsiy mas’uliyatni mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu yig‘ilishda davlat banklariga ko‘chmas mulkni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berilishini ham ma’lum qildi. To‘qqizta davlat bankiga 2025-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 1 milliard dollar kredit jalb qilish tavsiya etiladi. Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida banklar tomonidan 300 million so‘m miqdorida shartsiz kreditlar berish ham boshlanadi.