O‘zbekiston hududining katta qismida quruq ob-havo 19-dekabr kuniga qadar saqlanib turadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Yog‘ib o‘tgan qordan so‘ng O‘zbekiston hududining katta qismida qor qoplami hosil bo‘ldi. Dushanba ertalab havo harorati −8…−13, ayrim joylarda -15 darajagacha, eng chekka janubda −4…−6 darajagacha pasaydi.
16-dekabr kuni kunduzi respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati 0…-5 daraja atrofida, shimolda va janubda ba’zi joylarda +2 daraja bo‘ladi.
19-dekabr kuni faqat Qoraqalpog‘ston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarida yog‘ingarchilik bo‘ladi.
Respublika hududi bo‘yicha harorat 17-dekabr kuni kechasi −8…−13 daraja bo‘lishi saqlanib turadi. Kunduz kuni esa havo harorati ko‘tarila boshlaydi. 19-dekabrga kelib, harorat kechasi 0…-2 darajagacha, kunduz kuni +5…+7 darajagacha, janubda ba’zi joylarda +10 darajagacha ko‘tariladi.
20-dekabr, juma kuni O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik kuzatiladi. Kunduz kungi harorat 0…+3 darajagacha pasayadi. Ayrim joylariga kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. 18−20-dekabrda ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayadi.
Toshkent shahrida 16−19-dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechalari −10…−12 darajadan 0…-2 darajagacha, kunduz kunlari −3…−5 darajadan +5…+7 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi. 20-dekabrda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat kechasi va kunduzi 0…+2 daraja iliq bo‘ladi.