Besh nafar bolani urib yuborgan va ulardan ikkisining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi Toshkent viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumani sudi zalida qamoqdan ozod etildi. Bir hafta o‘tgach, sudya Ulug‘bek Ibrohimov YTH bilan bog‘liq xuddi shunday ishni ko‘rib chiqdi, ammo boshqa jazo tayinladi. Ikki bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan birinchi haydovchiga axloq tuzatish ishlari, bir kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga esa ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi. Kun.uz bu holatlarga e’tibor qaratdi. “Gazeta.uz” sud qarorlarini o‘rganib chiqdi.
Birinchi holat
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi 11-noyabr kuni oliy ma’lumotli va “One Cargo” kompaniyasida dispetcher bo‘lib ishlaydigan Rustamjon Mirzaxatamov (1993-yilda tug‘ilgan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi. Jarayonga sudya Ulug‘bek Ibragimov raislik qildi.
Ish materiallariga ko‘ra, 21-iyun kuni taxminan soat 20:30 larda M-34 Toshkent — Dushanbe avtomobil yo‘lining Yangiyo‘l tumani qismida Cobalt rusumli avtomashina haydovchisi “boshqaruvni yo‘qotib”, yo‘l chetida turgan 5 nafar o‘smirni urib yuborgan. YTH oqibatida 18 yoshli O.Z. va 17 yoshli A.Z. (bir xil familiyali) Yangiyo‘l shahar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limida vafot etgan, qolgan uch nafar bola (ikkitasi — 18 yosh, bittasi — 14 yosh) og‘ir tan jarohati olgan.
Sud haydovchi Yo‘l harakati qoidalarining beshta bandini, shu jumladan, tezlik rejimini qo‘pol ravishda buzganini aniqladi.
Majlisda Mirzaxatamov aybini to‘liq tan olib, chin ko‘ngildan pushaymon ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni bir nechta bola yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan, u charchagani sababli ularni faqat yaqin masofadan ko‘rgan, shundan so‘ng rulni keskin o‘ngga burgan, lekin mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Mashina yo‘l chetiga chiqib, boshqa voyaga yetmagan bolalarni urib yuborgan. Sudlanuvchining ta’kidlashicha, yo‘l cheti yaxshi yoritilmagani sababli bolalarni ko‘ra olmagan.
Ayblanuvchi jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplaganini, ularning oilalari tomonidan hech qanday da’vo yo‘qligini, kelgusida ularni qo‘llab-quvvatlashga va’da berganini aytib, suddan jazoni yengillashtirishni so‘ragan.
Sud qarorida qayd etilishicha, halok bo‘lganlarning barcha qarindoshlari, jabrlanuvchilar va ularning vakillari Mirzaxatamov bergan ko‘rsatmalarga o‘xshash ko‘rsatmalar bergan. Ularning ta’kidlashicha, haydovchi ulardan uzr so‘ragan va yetkazilgan zararni qoplagan, shuning uchun unga nisbatan da’volari yo‘q. Ularning barchasi suddan jazoni yengillashtirishni so‘rashgan.
Sud Rustamjon Mirzaxatamovni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish/muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo‘yicha aybdor deb topdi.
Sud jazo tayinlashda jinoyatning xususiyatini, uning ijtimoiy xavflilik darajasini, sodir etilgan qilmishning sabablarini, sudlanuvchining shaxsini, uning yoshini, yetkazilgan zararning to‘liq qoplanganini inobatga oldi.
Sud tomonidan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi aniqlandi, sudlanuvchining aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, oilaviy holati, jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakillari tomonidan e’tirozlar yo‘qligi, yashash joyidan berilgan iltimosnomalar, shuningdek sudlanuvchining jinoyat sodir etilgunga qadar va undan keyingi xulq-atvori qilmishning ijtimoiy xavfliligini sezilarli darajada kamaytiruvchi holatlar sifatida baholandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llashga qaror qilib, unga nisbatan ayblov moddasi sanksiyasida nazarda tutilmagan yengilroq jazo, ya’ni axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.
Natijada sudlanuvchiga ish haqining 20 foizi davlat daromadiga o‘tkazilgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari va 3 yilga transportni boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi berildi. Sud qamoqqa olish ehtiyot chorasini bekor qildi va sudlanuvchi darhol sud zalida ozod qilindi.
Ikkinchi holat
18-noyabr kuni xuddi shu sudda yo‘l-transport hodisasida bir kishining halok bo‘lishiga aybdor deb topilgan boshqa haydovchi — Islomjon Aliboyev (1997-yilda tug‘ilgan, o‘rta maxsus ma’lumotli, vaqtincha ishsiz) ustidan hukm chiqarildi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, haydovchi 23-iyun kuni soat 21:00 lar atrofida Yangiyo‘l tumanidagi M-39 Toshkent — Termiz avtomobil yo‘lida yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda X. I.ni urib yuborgan. Jabrlanuvchi voqea joyida halok bo‘lgan.
Sud haydovchi YHQning ikkita bandini buzganligini aniqladi. Xususan, qarshidan kelayotgan avtomobilning chiroqlari yorug‘idan ko‘zi qamashib qolgan haydovchi to‘xtash choralarini ko‘rmay, harakatini davom ettirgan. Ayni paytda I. X. yo‘lni chapdan o‘ngga kesib o‘tayotgan edi.
Aliboyev sudda o‘z aybini tan olib, marhumning qarindoshlariga qo‘lidan kelgancha yordam ko‘rsatganini va kelajakda ham yordam berishini ma’lum qildi. Jabrlanuvchi tomon ham hukmni yengillashtirishni iltimos qilgan.
Ulug‘bek Ibrohimov raisligidagi sud sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan) bo‘yicha aybdor deb topdi va uni aynan shu muddatga transportni boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, manzil-koloniyada 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qildi.
Turlicha hukmlar
Ikkala sudlanuvchi ham bo‘ydoq va ilgari sudlanmagan edi. Ikkalasi ham aybini tan oldi va yetkazilgan zararni qopladi. Biroq sudya Mirzaxatamovga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, ikki nafar bolaning halok bo‘lgani va yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganiga qaramay, yengil jazo tayinladi. Aliboyev esa YHQning ikkita bandini buzgani va bir kishining halok bo‘lishi uchun real muddatga hukm qilindi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, Mirzaxatamovga chiqarilgan hukm yuzasidan kassatsiya protesti kiritilgan.