16-dekabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan iqtisodiy va individual sanksiyalarning 15-paketini qabul qildi, deb xabar berildi YeI kengashi saytida.
Sanksiya ro‘yxatiga 54 ta jismoniy va 30 ta yuridik shaxs kiritilgan. Ular orasida Kiyevdagi “Oxmatdet” bolalar kasalxonasiga berilgan zarbada jvvobgar bo‘lgan harbiy bo‘linma, energetika kompaniyalari rahbarlari, Ukrainadan bolalarni deportatsiya qilish, harbiy targ‘ibot va sanksiyalarni chetlab o‘tishda ayblangan mas’ul shaxslar, shuningdek, KXDRning ikki yuqori martabali amaldori bor.
Bundan tashqari, Rossiyaning soyadagi floti bilan bog‘liq bo‘lgan Rossiya mudofaa korxonalari va kemachilik kompaniyalari sanksiyalarga uchradi. Rossiya nefti, Rossiya uchun harbiy texnika yoki o‘g‘irlangan Ukraina donini tashiyotgan uchinchi mamlakatlardan kelgan 52 ta tankerga Yevropa Ittifoqi portlariga kirish cheklandi.
YeI, shuningdek, Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam beradigan kompaniyalar ro‘yxatini kengaytirdi va unga Xitoy, Hindiston, Eron, Serbiya va BAAdan 32 ta yangi tashkilot qo‘shdi. Bu firmalarga ikki xil maqsaddagi tovarlarni eksport qilish cheklanadi.
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgan dronlar va mikroelektronika uchun butlovchi qismlarni yetkazib beruvchi Xitoy kompaniyalariga qarshi birinchi marta to‘liq sanksiyalar joriy etildi.
- Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining 14-paketi joriy yilning iyun oyida qabul qilingan edi. U Rossiya energetika sektoriga ta’sir qildi va Xitoy, Turkiya va Hindiston kabi uchinchi mamlakatlardagi o‘nlab kompaniyalar bilan savdoni chekladi.