16-dekabr kuni fizika-matematika fanlari doktori, senator Shavkat Abdullayevich Ayupov O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti etib saylandi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Shavkat Ayupov 1952-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U Toshkent davlat universiteti (O‘zMU)ning matematika fakultetini tugatgan. So‘ngra Toshkent davlat universitetida o‘qituvchi, 1977−1997-yillarda Fanlar akademiyasining Matematika institutida katta ilmiy xodim, algebra va analiz bo‘limi mudiri, so‘ngra direktori bo‘lib ishlagan.
Ayupov 1997—2003-yillarda Oliy attestatsiya komissiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 1980-yilda Amerika matematika jamiyati a’zosi, 1995-yilda akademiya haqiqiy a’zosi (akademik) etib saylangan.
U 1996-yilda “Shuhrat” medali, 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2011-yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni va 2021-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni hamda “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlangan.
Bunga qadar Shavkat Ayupov Fanlar akademiyasining Matematika instituti direktori bo‘lib ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, akademiyaning avvalgi prezidenti, fizik olim, professor Behzod Yo‘ldoshev avgust oyida 79 yoshida vafot etgandi. U tashkilotga 2017-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.