Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakatda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi imkoniyatlarini belgilab berdi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan olti yilda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 750 ming aholi kreditini vaqtida to‘lab, daromadli biznesga ega bo‘lgan. Shundan 58 ming nafari yangi korxona ham ochgan.

Prezident qaroriga (PQ-312) muvofiq, kamida bir yil mobaynida faoliyat yuritayotgan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan kichik tadbirkorlik subyektlariga 100 million so‘mgacha bo‘lgan garovsiz mikrokreditlar ajratiladi. Biroq oilaviy tadbirkorlik dasturlari bo‘yicha kredit olib, o‘z vaqtida qaytargan fuqarolar ushbu qaror asosida kredit ololmaydi. Sababi ularga shaxs sifatida qaraladi.

Endi banklar mana shunday sinovdan o‘tgan mijozlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqishi kerak, ta’kidladi prezident. Ularga “Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida 300 million so‘m miqdorida shartsiz kredit ajratiladi.

Bu orqali kelgusi yillarda 1,5 million aholini ish bilan ta’minlash kutilmoqda.

Bugungi kunda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun kredit resurslari faqat davlat mablag‘lari hisobidan ajratilmoqda.

Xalq banki tashabbusi bilan Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) moliyaviy ommaboplik dasturi doirasida 50 million so‘mgacha kreditlar ortiqcha hujjat va garovsiz berilmoqda. OTB dastur uchun 150 million dollar ajratishga tayyor.

Ushbu namuna asosida 2025-yilda 9 ta davlat bankiga chetdan 1 milliard dollar kredit jalb etish, 250 ming aholini daromadli qilish tavsiya qilindi.

2023-yil sentabr oyidan boshlab O‘zbekistonda kichik biznesni doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dastur ishga tushirilgandi. Unga yangi “Biznesni rivojlantirish banki” mas’ul hisoblanadi. Tashabbusni 2026-yilgacha amalga oshirish uchun xalqaro institutlardan 6 trillion so‘m va 1,2 milliard dollar ajratish rejalashtirilgan edi.