O‘zbekistonda 2025-yilda 600 ming kishiga ijtimoiy karta beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni o‘tkazilgan ijtimoiy himoya sohasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Hozirgi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolar tug‘ilganlik, nogironlik to‘g‘risida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatni ko‘tarib yurishga majbur. Bunday ovoragarchilikka chek qo‘yish vaqti kelganini ta’kidlab, prezident barcha hujjatlarni o‘rnini bosadigan ijtimoiy karta joriy etilishini e’lon qildi.

Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin bo‘ladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi. Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, tizim Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida 1-iyulgacha sinovdan o‘tkaziladi. 2025-yil yakunigacha butun respublika bo‘ylab ishga tushiriladi.

13-dekabr kungi videoselektorda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keyingi yilda amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berilgan. Jumladan, yangi yildan oilaviy bog‘cha o‘rinlarining 15 foiziga kambag‘al oila farzandlari qabul qilinadi va bog‘cha to‘lovi qisman qoplab beriladi.

2025-yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sug‘urta jamg‘armasiga qo‘shimcha 185 milliard so‘m ajratiladi. “Ijtimoiy daftarlar” mablag‘i faqat kambag‘al oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularga tibbiyot, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va daromadini oshirishga sarflanadi.