Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi 16-dekabr kuni prezident Yun Sok Yolga qarshi 3-dekabr kuni harbiy holat joriy etishga urinish yuzasidan impichment ishini ko‘rib chiqishni boshladi, deb xabar berdi Yonhap.
Birinchi ommaviy eshituv 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu “tayyorgarlik” bo‘ladi: sudyalar ishning asosiy huquqiy masalalarini va ishni ko‘rib chiqish jadvalini tasdiqlaydi.
Konstitutsiyaviy sud 180 kun ichida prezidentni lavozimidan chetlashtirish yoki qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak. Impichmentni tasdiqlash uchun barcha olti sudyaning roziligi talab qilinadi.
Agar sud prezidentni lavozimidan chetlatsa, 60 kun ichida muddatidan oldin prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kerak.
Yun Sok Yol va bir qator yuqori martabali amaldorlar harbiy holat joriy etilgani sababli isyon ko‘tarish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ham ayblanishi mumkin. Politsiya, Korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi (CIO) va Mudofaa vazirligining tergov bo‘limi birgalikda prezidentni so‘roqqa chaqirdi.
Janubiy Koreyaning hukmron Xalq kuchi partiyasi rahbari Xan Don Xun ham dushanba kuni o‘z lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qildi. Partiya Oliy kengashining besh nafar saylangan a’zosi ham iste’foga chiqish niyatini ma’lum qildi.
14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti ikkinchi urinishda Yun Sok Yolga impichmentni qo‘llab-quvvatladi. Uni 204 deputat ma’qulladi, 85 nafari qarshi, 3 nafari betaraf bo‘lsa, yana to‘rt ovoz haqiqiy emas, deb topildi.
Prezidentning vakolatlari zudlik bilan to‘xtatildi va bosh vazir Xan Dak Su davlat rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.
- 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar"dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
- Parlament qarorni blokladi va prezident uni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi rahbari Kim Yon Xyon iste’foga chiqdi, prezident, sobiq vazir va boshqa bir qator amaldorlarga nisbatan tergov boshlandi. Ular isyon, davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda.
- 12-dekabr kuni telemurojaatida Yun harbiy holat joriy etish qarori “davlat ishlarini normallashtirish” uchun to‘g‘ri va zarur bo‘lganini aytdi. U isyon ko‘tarishda ayblanish va iste’foga chiqishga da’vatlarni rad etib, oxirigacha kurashishga va’da berdi.
- Janubiy Koreyada prezident impichment orqali oxirgi marta 2016-yilda chetlatilgan edi. Gap Pak Kin Xe haqida bormoqda. Uning impichmentiga korrupsiya mojarosi sabab bo‘lgan, tergovni esa o‘sha vaqtda prokuror lavozimidagi Yun Sok Yol olib borgan.