Ushbu sharh “O‘zgidromet"ning qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognozlari asosida tuzilgan bo‘lib, u bevosita ob-havo prognozi emas.
Bu kabi sharhlar ob-havo byurolarining prognozlaridagi raqamlar, hodisalarni oddiy tilda tushuntirish imkonini beradi. Ayrim nuqtalarda “O‘zgidromet” hali taqdim etishga ulgurmagan axborotlar xalqaro ob-havo prognozi markazlarining ma’lumotlari bilan to‘ldirilgan — bu ham prognozlarni sharhlash amaliyotida tasdiqlangan samarali usuldir.
15-dekabrdagi nam havo oqimi O‘zbekistonning katta qismiga qor ulashdi. Respublikaning qor yoqqan hududlari kosmik suratda ham yaqqol ko‘ringan. Ushbu sovuq oqim mamlakatni juda tez, ya’ni chorshanba kuniga qadar tark etsa-da, hafta davomida tungi va tonggi harorat nol darajadan past bo‘lishiga zamin yaratib ketadi.
Hafta o‘rtalaridan Kavkaz hududlari orqali Qora dengizdan yana nam havo oqimlari yog‘ingarchiliklari bilan kirib kelishi oydinlashmoqda. Bu oqim O‘zbekistonning turli hududlariga turlicha yog‘ingarchiliklar ulashadi. Yog‘inlar asosan qor ko‘rinishida bo‘lishi kutilyapti. Ba’zi viloyatlarda yog‘ingarchiliklar umuman kuzatilmasligi ham mumkin.
Sovuq antitsiklon jarayoni dushanba-seshanba kunlari havo haroratini mamlakat bo‘ylab juda ham past bo‘lishini ta’minlaydi. Bunda joylarda kunduzi nol darajadan biroz yuqori iliqlik kuzatilsa-da, kechgi, tungi va tonggi harorat keskin pasayib ketishi sutkaning umumiy sovuq bo‘lishiga olib kelaveradi.
Respublikaning katta qismida tungi harorat -15 darajagaja pasayib ketishi prognoz qilingan. “O‘zgidromet” bu to‘g‘rida oldinroq tezkor gidrometeorologik xabar ham e’lon qilgan edi. Chorshanbadan boshlab g‘arbdan iliqlik mintaqaga faol ta’sir eta boshlaydi, haroratning ko‘tarilishini aynan shimolliklar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) o‘zida yaxshi his qiladi.
Ayrim viloyatlarda chorshanbadan yakshanbaga qadar hatto tungi harorat minimumlari ham musbat ko‘rsatkichlarga yaqinlashib qoladi. Kunduzi esa +12 darajagacha iliq harorat kuzatilishi, hafta o‘rtalari va shanba kuni ayrim viloyatlarga yomg‘ir-qor yog‘ishi mumkin.
Dushanba-seshanba kunlari antitsiklon chekkasi ta’sirida tekisliklarda tong otishi va Quyosh botishidan so‘ng tuman hodisalari kuzatilishi, ko‘plab viloyatlarda bunday hodisalar uzoqroq davom etishi va bulduruq yuz berishi mumkin.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 16-dekabr kuni juda sovuq harorat kuzatiladi. Havo harorati respublika bo‘ylab kunduz kuni −0…−5 daraja sovuq, tog‘larda −8…−13 daraja sovuq, faqat janub viloyatlaridagina -3 daraja sovuq…+2 daraja iliqqacha o‘zgarsa, tunda −8…−13 daraja, ba’zi hududlarda -15 daraja sovuqqacha, tog‘larda −15…−20 darajagacha sovuq kutiladi. Joylarga tuman tushib — shimoliy, shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan tashqari — yaxmalak hodisalari kuzatiladi. Faqat Farg‘ona vodiysida erta tong qor yog‘ishi mumkin. Boshqa hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shimolda va cho‘llarda shamol tezligi soniyasiga 22 metrgacha yetishi mumkin.
Sinoptiklar 17−19-dekabr kunlari O‘zbekistonda yog‘ingarchiliksiz quruq ob-havo kuzatilishini, faqat 19-dekabr kuni shimoliy hududlar hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchiliklar (yomg‘ir-qor) yuz berishi mumkinligini prognoz qilgan. Kunduzi havo harorati asta-sekin ko‘tarilib boradi. 17-dekabr kuni mamlakatning katta qismida tungi sovuqlik saqlansa-da, kunduzi joylarda harorat nol darajadan ko‘tarilib borishi kuzatiladi. Tungi harorat ko‘plab hududlarda, hatto janubiy viloyatlarda ham -8 darajadan past bo‘ladi.
18−19-dekabr kunlari shimoliy, janubiy hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida tungi minimum harorat nol daraja atrofida kuzatiladi. Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va vodiy viloyatlarida esa tungi harorat −3…−8 daraja sovuqdan 0…-5 daraja sovuqqa qadar o‘zgarib turadi. Kunduzi janubiy viloyatlarda harorat +10 darajaga yaqinlashadi. Boshqa hududlarda esa +2…+7 daraja iliq bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Ushbu sanalarda ham joylarga tuman tushib, xususan, 17-dekabr kuni ko‘plab viloyatlarda yaxmalak hodisalari kuzatilishi mumkin.
Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat fonida u qadar katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Janubiy viloyatlarda sovuqlik muhiti asta-sekin iliqrog‘iga almashadi. Yakshanba kuni janubda harorat maksimumi +15 darajaga yetishi mumkin.
Juma kuni respublikaning ayrim hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilsa (yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin bo‘lgan hududlar quyidagi xaritada keltirilgan), shanba kuni Farg‘ona vodiysi hududlarida ham yog‘ingarchilik kutiladi. Yog‘inlar asosan qor ko‘rinishida bo‘lishi oydinlashmoqda.
Dam olish kunlari respublikaning katta qismida harorat kunduzi +7…+12 darajagacha, janubda +15 darajagacha yetadi. Tunda ham harorat minimumlari asta-sekin nolga yaqinlashib qoladi. Juma-shanba kunlari ehtimoliy nam havo oqimining mintaqaga kirib kelishida “O‘zgidromet"ning har kuni yangilanadigan qisqa muddatli ob-havo prognozlari orqali aynan qaysi viloyatlarga yog‘ingarchilik tushishini aniqroq bilib olish mumkin.
“O‘zgidromet"ning boshqa bir prognozi hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta davomida umumiy harorat foni — shimoliy hududlardan tashqari — yilning shu davri uchun mos iqlimiy me’yordan ancha past “sovuq” kutilsa, yog‘ingarchilik bo‘yicha — Orol dengizi atrofi va Ustyurt hududlaridan tashqari — respublika bo‘ylab shu kunlarga xos iqlimiy me’yor va undan kamroq yog‘in tushishi keltirilmoqda. Ushbu vaziyat kelayotgan hafta nisbatan quruq o‘tishi mumkinligiga bir ishoradir.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
O‘zbekiston hafta boshlarida antitsiklonning ta’sir doirasida bo‘lishi, boz ustiga, mazkur antitsiklonda atmosfera bosimi 1040 va 1045 gPa ga yaqin bo‘lishi oqibatida aholi antitsiklon ta’sirni o‘z tanasida his qiladi.
Dushanbadan chorshanbaga qadar bunday yuqori atmosfera bosimi inson salomatligiga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklaridan aziyat chekayotgan kishilarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu tur bemorlar havodagi turli ko‘rinmas mayda zarrachalarga ta’sirchan (agressiv) bo‘ladi, aksiga olib, antitsiklon vaqtidagi tinch ob-havo sharoitida bu kabi zarralar havoda ko‘p muddat muallaq saqlanadi.
Yuqori bosimli davoiy antitsiklon ta’siri inson tanasida bosh va yurak og‘rig‘i, ishchanlikning sustlashuvi, umumiy zaiflik bilan namoyon bo‘ladi. Atmosfera bosimining ko‘tarilishi qondagi leykotsitlar sonini kamaytirib, organizmning himoya funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bularning bari inson salomatligini sezilarli darajada yomonlashtiradi va turli yuqumli kasalliklarga moyil qilishi mumkin.
Tavsiyalar. Antitsiklon ta’sirlarga moyil kishilar tongda tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilishi, yengil gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi hamda ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qo‘shishi tavsiya etiladi. Immun va asab tizimini zo‘riqtirmaslik maqsadida kundalik ish tartibini ham ma’lum muddat biroz o‘zgartirish lozim. Iloji bo‘lsa, ko‘proq dam olgan ma’qul.
16−17-dekabr kunlari kutilgan antitsiklon quruq sovug‘idan himoyalanish va uning inson salomatligiga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha kuni kecha e’lon qilingan materialda tavsiyalar berilgan edi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda antitsiklon jarayonlari ta’siri 1,5−2,5 sutkagacha, juda kam hollarda 3,5 sutkagacha davom etishi mumkin.
Chorshanbadan boshlab antitsikloning mintaqadan chekinishi kuzatiladi va kutilajak ob-havo sharoiti inson salomatligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Faqat juma kuni atmosfera bosimiing biroz pasayishi bilan bog‘liq bulutli jarayonlar mintaqaga kirib kelishi, siklonal ta’sirlarga moyil ayrim toifa kishilarni bezovta qilishi mumkin. Lekin salomatlikka aytarli xavf tug‘dirmaydi.
Ish kunlari kuchli shamollar bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘q. O‘z-o‘zidan, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi ehtimoli ham past. Shunday ekan, joriy hafta tabiiy ob-havo muhitining ichki qon bosimiga ta’sir etishi xavfi ham baland emas.
Bioiqlimiy sharoitlar
Hafta boshida antitsiklonning mintaqaga chuqur ta’siri oqibatida shimol va cho‘l hududlarida istiqomat qiluvchi aholi kechki, tungi va tonggi muddatlarda ochiq havoda kuchli sovuqlik stresslariga uchrashi mumkin. Oddiy qilib aytganda, hafta davomida qalinroq kiyinish kerak bo‘ladi.
Bunda, qo‘lqop va jun paypoqlardan foydalanish juda muhim. Ayniqsa, dushanba va seshanba kunlari boshni va yirik qon tomirlari joylashgan bo‘yin qismini issiq tutish talab etiladi. Sababi bo‘yindagi tomirlar inson bosh miyasini qon bilan ta’minlaydi.
Ish haftasi boshida tashqarida harakatlanishda barcha vaqtda qalin kiyinish, boshga qalpoq kiyib olish tavsiya etiladi. Hafta o‘rtalarida kunduzi biroz iliy boshlaydi. Shimoliy, janubiy hamda Buxoro va Navoiy viloyatlarida harorat tunda nol darajaga yaqinlashadi va sovuqlik stresslari ehtimoli pasayadi, ammo boshqa hududlarda noldan ancha past sovuq saqlanadi.
Kosmik ta’sirlar
O‘zbekistonliklar hafta davomida kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaydi. Ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasidagi sokinlik sabab, Yer magnitosferasida ham kuchli magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlari bo‘lmasligini taxmin qilgan. Quyosh fotosferasida ham so‘nggi uch kunlikda kuchli chaqnashlar sodir bo‘lmadi. Oddiy qilib aytganda, Quyosh sirti va sayyoramiz magnitosferasida “sokinlik” hukm surmoqda.
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi ish kunlarida salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydigan “yashil” darajadagi, ya’ni xavfsiz qo‘zg‘alishlar bilan ro‘baro‘ kelishi qayd etilgan.
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Juma va shanba kunlari O‘zbekistonning katta qismida kutilayotgan yog‘in-sochinli ob-havo mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon bermaydi. Ammo haftaning boshqa kunlari, masalan, dushanba va seshanba kunlari antitsiklonal jarayonlar bunday zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi. Respublikaning ko‘plab hududlarida antitsiklonal jarayon ta’sirida Quyosh botishi va chiqishidan so‘ng kuzatiladigan inversiya fonida havoda suv bug‘ining to‘yinishi, xiralik (tuman, g‘ubor hodisalari), uning ortidan havoda biroz ifloslanishi yuzaga kelishi mumkin.
Xususan, poytaxtda ham ish haftasi boshida mayda dispers zarrachalari bilan bog‘liq ifloslik biroz ko‘payishini taxmin qilish mumkin. Havoda mayda zarrachalar bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 16−22-dekabr sanalarida ob-havo bo‘yicha eng qulay kun yakshanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kuni o‘zini haftaning boshqa vaqtlariga nisbatan biroz yengil his qilishi kutilyapti. Ayni vaqtda hafta boshidagi ob-havo muhiti energetika tarmog‘i uchun yaxshigina sinov bo‘ladi.