Toshkent viloyati Ohangaron tumanida mineral o‘g‘it ishlab chiqarish sexi ko‘p miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deb xabar bermoqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.

Nazorat tadbirida ma’lum bo‘lishicha, “N.” MCHJga qarashli mineral o‘g‘it ishlab chiqarish sexi gaz ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmagan va 1 dona bug‘ qozoni va 2 dona ikki konturli isitish qozonida noqonuniy tabiiy gaz ishlatgan.

Ushbu qoidabuzarlik oqibatida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat manfaatlariga 8 milliard 743 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.