Germaniya Bundestagi (parlamenti) 16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda amaldagi kansler Olaf Shols hukumatiga ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi Bild.

394 deputat parlamentni tarqatib yuborish va yangi saylovlar o‘tkazish uchun ovoz berdi, 207 nafari Sholsning vazirlar kabinetini qo‘llab-quvvatladi va 116 nafari betaraf qoldi. Ishonchsizlik votumiga erishish uchun kamida 367 ovoz kerak edi.

Ovoz berishdan so‘ng Shols Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga parlamentni rasman tarqatib yuborishni taklif qildi. U 21 kun ichida qaror qabul qilishi kerak. Shtaynmayer Bundestagni tarqatib yuborishi va 23-fevralda yangi saylovlarni tayinlashi kutilmoqda.

Shols Bundestagga 11-dekabr kuni — Sotsial-demokratik partiya (SDP), Erkin demokratik partiya (EDP) va “Yashillar”ni o‘z ichiga olgan hukmron koalitsiya parchalanganidan bir oy o‘tgach, hukumatga ishonch so‘rovini yubordi. U Shols moliya vaziri, EDP rahbari Kristian Lindnerni iste’foga chiqarganidan keyin parchalanib ketdi.

Germaniya konstitutsiyasi Bundestagning mustaqil ravishda tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi, shuning uchun Shols uchun muddatidan oldin saylov o‘tkazishning yagona yo‘li hukumatga ishonchsizlik votumi bo‘ldi, deb tushuntiradi BBC. Dastlab Germaniyada parlament saylovlari sentabr oyida o‘tkazilishi kerak edi, ammo Shols muddatidan oldin ovoz berish o‘z partiyasi — SDPning siyosiy mavqeini tiklash uchun “eng yaxshi imkoniyat” deb qaror qildi.

Sotsiologik so‘rovlarga ko‘ra, hozirda yetakchi o‘rinlarni konservativ blok — Fridrix Mers boshchiligidagi “Xristian-demokratik ittifoq” va “Xristian-sotsial ittifoq” (XDI/XSI) egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda o‘ta o‘ngchilar bo‘lgan “Germaniya uchun alternativa”. SDP uchinchi, “Yashillar” esa to‘rtinchi o‘rinda. Asosiy partiyalar an’anaviy ravishda “Germaniya uchun alternativa” bilan koalitsiya tuzishdan bosh tortadi, ammo uning mavjudligi “parlament arifmetikasini murakkablashtiradi”, bu esa boshqarish qiyin bo‘lgan koalitsiyalarga aylanishi mumkin, deb ta’kidlaydi Reuters.

  • Noyabr oyi oxirida Shols ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Uning potensial raqibi, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bo‘lajak saylovlarda Sotsial-demokratik partiyadan kanslerlikka nomzodini ko‘rsatishdan bosh tortgan va Sholsni qo‘llab-quvvatlagan. Partiya a’zolari avvalroq Sholsning ommabop emasligi sababli Pistoriusni o‘z nomzodini qo‘yishga chaqirgandi.