Hindiston havo sifati yomonlashgandan so‘ng Nyu Dehli va uning atrofidagi hududlarda ifloslanishni yengishga yordam berishga qaratilgan cheklovlarni kuchaytirdi. Bu haqda Reuters yozmoqda.

So‘nggi tavsiyalar dushanba kuni kechroq, havo sifati indeksi (AQI) ko‘rsatkichi 0 dan 500 gacha bo‘lgan shkalada 400 dan oshib, “og‘ir” bo‘lib qolganidan keyin berildi. Bu esa ifloslanishni boshqarish bilan bog‘liq favqulodda yig‘ilish o‘tkazilishiga turtki bo‘ldi.

Dushanba kuni gibrid darslar — ham onlayn, ham yuzma-yuz — 5-sinfgacha bo‘lgan sinflarni qamrab olgandi, ammo keyinchalik 10 va 12-sinflardan tashqari barcha sinflarga ta’limning mazkur shakli tatbiq etildi.

Davlat idoralariga ish vaqtini bosqichma-bosqich belgilash haqidagi dastlabki ko‘rsatma kengaytirilib, barcha idoralarga xodimlarning 50 foiziga uydan ishlashga ruxsat berish so‘rovi shaklida taqdim etildi. Seshanba kuni ertalab Nyu Dehlida AQI ko‘rsatkichi 424 edi. Harorat ham 5,9 darajagacha pasaydi, bu shaharni zaharli tuman bilan qopladi va aeroportda “ko‘rinish darajasining pasayishi bilan bog‘liq tartib-qoidalar”ni boshlashga turtki bo‘ldi.

Havo sifatini boshqarish bo‘yicha komissiya ifloslanishning “keskin oshishini” “juda noqulay meteorologik sharoitlar va tinch shamol” bilan bog‘ladi. Shuningdek, u ko‘plab qurilish ishlarini taqiqlashni buyurdi.

Bolalar, keksalar va nafas olish, yurak-qon tomir, miya-qon tomir yoki boshqa surunkali kasalliklari bo‘lganlarga ochiq havoda harakat qilishdan qochish va imkon qadar ichkarida bo‘lish tavsiya etilmoqda.

Shimoliy Hindiston har yili qishda og‘ir ifloslanishga duch keladi. Dehli o‘tgan oyda AQI 494 ga yetganida bu mavsum uchun eng yuqori ifloslanish bo‘lgandi.

Mamlakat oliy sudi ham masalani ko‘rib chiqdi va oktabr oyida ifloslanishsiz muhitda yashashni hukumatlar hal qilishi kerak bo‘lgan “asosiy huquq” deb belgiladi.