17-dekabr kuni Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Lion park xususiy hayvonot bog‘ida sher hujum qilgan qorovul halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

Qayd etilishicha, holat soat 05:00 atrofida sodir bo‘lgan. Bir qafasda saqlanayotgan 3 ta sher qafasdan bog‘ hovlisiga chiqib ketgan. Voqea vaqtida maskan ish faoliyatida bo‘lmagan va yopiq bo‘lgan.

Hovlidagi sherlar shu yerda qorovul bo‘lib ishlovchi 44 yoshli F.I.ga tashlanib unga jarohat yetkazgan. Fuqaro olgan tan jarohati oqibatida vafot etgan. U hayvonlarni kattakka qaytarmoqchi bo‘lgan.

“Ko‘rilgan choralar natijasida sherlar maxsus qafasga qaytarilgan. Atrofdagi boshqa shaxslarga zarar yetmagan. Hozirda mahalliy aholi uchun xavf-xatar yo‘q”, — deyiladi IIBB xabarida.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, 2 ta sher uxlatuvchi dori vositalar qo‘llanilgan holda katakka qaytarilgan. 1 ta sher mahalliy ovchi taklif qilingan holda otib o‘ldirilgan.

Shuningdek, parkda mavjud bo‘lgan barcha yirtqich hayvonlar sanoqdan o‘tkazilib, ular joy-joyida ekanligi va kataklar maqkamlangan holdaligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Parkent tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Hayvonot bog‘i haqida

2019-yilning iyun oyida ro‘yxatdan o‘tgan bog‘ 0,96 gektar yerda joylashgan. Uni tashkil qilish yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (sobiq Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi) tomonidan hayvonot bog‘i xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya berilgan.

Zooparkda 1 ta qo‘ng‘ir ayiq, 1 ta burgut, 1 ta tasqara, 10 ta katta yoshli Afrika sherlari va 5 ta sher bolasi, shuningdek, yirtqich bo‘lmagan boshqa sut emizuvchi va qushlar mavjud.