Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida qurilishi mo‘ljallangan xalqaro turizm markazi taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ozarbayjonlik ishbilarmon Emin Agalarov bir qator yirik xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda Chorvoq suv ombori bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan xalqaro turizm markazini qurish istagini bildirmoqda.
Loyihaga ko‘ra, unda dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxonalar, kottejlar, turar joylar bo‘ladi. Xalqaro brendlarning do‘konlari, restoran va xizmat shoxobchalari ochiladi. Turli festivallar, konsertlar va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.
Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik qurilib, keluvchilarga qulaylik oshiriladi. Kelajakda o‘ziga xos turizm xabiga aylanib, unda yil davomida dam olish va yashash mumkin bo‘ladi, deyiladi xabarda.
Davlat rahbari bu taklifni ma’qullab, uni xalqaro tajriba asosida loyihalashtirish va bosqichma-bosqich qurish zarurligini ta’kidladi. Bosh vazir boshchiligida komissiya tuzib, loyihaning huquqiy asosini yaratish, infratuzilma masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Emin Agalarov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ushbu loyiha “5−7 million kvadrat metr” (500−700 gektar) bo‘lishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sea Breeze Uzbekistan markazida maktablar, akvapark, istirohat bog‘lari, suv va qishki sport turlari bo‘yicha majmualar ham barpo etiladi.
“Davlat rahbari Ozarbayjondagi Sea Breeze loyihasi muvaffaqiyatli ishlayotganidan xabardorligini bildirdi. Bu loyihani ishga tushirishda bizda tajriba bor”, — dedi u.
Sea Breeze — 2006-yilda Emin Agalarov tomonidan tashkil qilingan, 500 gektar maydonda joylashgan premium dengiz bo‘yidagi kurort va qirg‘oq majmuasi. Dam olish maskani Kaspiy dengizi sohilida, Boku markazidan yarim soatlik masofada joylashgan.
Emin Agalarov rossiyalik tadbirkor Araz Agalarovning o‘g‘li va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning sobiq kuyovi. 2006-yilning 30-aprelida u prezidentning to‘ng‘ich qizi Leyla Aliyevaga uylangan va 2015-yilda ajrashgan. U musiqa olamida Emin taxallusi bilan ham tanilgan.
Avgust oyi oxirida Agalarov Development kompaniyasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida turar joy majmuasi va mehmonxona qurilishi boshlanganini ma’lum qilgandi. Loyiha qiymati 133 mln dollarga baholanmoqda.