Turkiya va uning ittifoqchilari Suriya bilan chegara bo‘ylab kuchlarini ko‘paytirmoqda, bu esa AQShni AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan kurdlar qo‘lidagi hududga keng ko‘lamli bostirib kirish ehtimolidan xavotirga solmoqda, deb yozadi Wall Street Journal (WSJ) AQShning yuqori martabali amaldorlariga tayanib.

WSJ suhbatdoshlariga ko‘ra, Suriyadagi asosan kurdlar yashaydigan Kobani shahri yaqinida to‘plangan kuchlar tarkibiga ko‘ngillilar, turk maxsus kuchlari va katta miqdordagi artilleriya kiradi.

Bashar Asad rejimi qulagandan keyin boshlangan kuchlarning ko‘payishi Turkiyaning 2019-yilda Suriya shimoli-sharqidagi hujumi oldidan harbiy harakatlariga o‘xshaydi, deb ta’kidlaydi nashr. “Biz shunga e’tibor qaratamiz va vazmin bo‘lishni talab qilamiz”, — deydi WSJ manbasi. Nashrning yana bir suhbatdoshi Turkiyaning transchegaraviy operatsiyasi “muqarrar bo‘lishi mumkin”ligini aytdi.

Suriya kurdlari fuqarolik ma’muriyati vakili Ilhom Ahmad AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga yozgan maktubida Turkiya harbiy operatsiyasi “ehtimoliy” ekanini ma’lum qildi va uni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘onga qo‘shinlarni chegara orqali yubormaslikka bosim o‘tkazishga chaqirdi. Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning maqsadi Tramp lavozimga kirishdan oldin kurd tuprog‘i ustidan “haqiqiy nazorat o‘rnatishdir”.

Suriyadagi kurdlar va isyonchi guruhlar o‘rtasidagi jangovar harakatlar Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin qayta tiklandi. AQSh vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tashkil etilgan muzokaralar kelishuvga olib kelmadi. Asadning ag‘darilishi, shuningdek, Turkiyaning “Suriya demokratik kuchlari”ga (AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurd harbiy koalitsiyasi) qarshi operatsiyalarining faollashishiga olib keldi, uni Anqara mamlakatda taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasining davomchisi deb biladi.