Rossiya Tergov qo‘mitasi Moskvada sodir bo‘lgan terror hujumida gumon qilinayotgan shaxsning qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ushbu hujum oqibatida 17-dekabr kuni Rossiya Qurolli kuchlari radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari qo‘mondoni Igor Kirillov hamda uning yordamchisi Ilya Polikarpov halok bo‘lgan.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs 1995-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosidir. Uning ismi ma’lum qilinmagan. So‘roq paytida gumonlanuvchi uni Ukraina maxsus xizmatlari yollaganini aytdi, deb ta’kidlanadi politsiya matbuot xabarida. Jinoyat sodir etgani uchun unga 100 ming dollar mukofot va Yevropa davlatlaridan biriga jo‘nab ketish va’da qilingan.

Gumonlanuvchi Moskvaga kelib, qo‘lbola portlovchi qurilmani olgan, so‘ngra Igor Kirillov yashaydigan Ryazan prospektidagi uy yaqinidagi elektrosamokatga portlovchi moddani joylashtirgan.

“Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish maqsadida u karsheyring avtomobilini ijaraga olgan va u yerda videokuzatuv kamerasini o‘rnatgan. Ushbu kameradan olingan tasvir Dneprdagi terakt tashkilotchilariga onlayn translyatsiya qilingan. Harbiy xizmatchilarning pod’ezddan chiqishi haqida videoaloqa olinganidan so‘ng ular tomonidan portlatish qurilmasi masofadan turib ishga tushirilgan”, — deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati davlat agentliklari orqali hibsga olingan shaxsni so‘roq qilish videosini tarqatdi. “Men Ukraina maxsus xizmatlarining topshirig‘i bilan Moskvaga keldim. Keyin samokat sotib oldim. Bir necha oydan keyin bomba uchun buyumlar keldi, ularni oldim. Keyin hamma narsani tayyorlab, general yashaydigan uy yoniga qo‘yishdi. Keyin u uydan chiqqach, tugmachani bosdim. Nega bunday qildim, nima uchun? Menga 100 ming dollar va Yevropa pasporti taklif qilishdi”, — deydi videodagi erkak.

Shot va Baza ma’lumotlariga ko‘ra, generalni o‘ldirishda gumon qilinayotgan shaxsning ismi — Ahmad Qurbonov. Telegram kanallarining xabar berishicha, u Balashixda yashagan va Moskva yaqinidagi Chernoye qishlog‘ida qo‘lga olingan.

General Kirillov va uning yordamchisi o‘ldirilgani holati bo‘yicha qo‘mita tomonidan Terakt, qotillik va qurollarning noqonuniy aylanishiga oid moddalar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergovchilar portlashni Ukraina maxsus xizmatlari — Mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi yoki Ukraina Xavfsizlik xizmati uyushtirganlikda gumon qilmoqda. Bir qator ommaviy axborot vositalari manbalarining tasdiqlashicha, Kirillovning o‘ldirilishi xavfsizlik xizmatining maxsus operatsiyasi bo‘lgan, chunki rossiyalik general “harbiy jinoyatchi va mutlaqo qonuniy nishon bo‘lgan, chunki u Ukraina harbiylariga qarshi taqiqlangan kimyoviy quroldan foydalanishga buyruq bergan”.

Reuters agentligi va New York Times gazetasi Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalariga tayanib, Kirillovni o‘ldirish operatsiyasini Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) amalga oshirganini xabar qilgandi. Uning o‘limidan bir kun oldin UXX Kirillovga nisbatan sirtdan ayblov e’lon qilib, generalni Ukraina armiyasiga qarshi kimyoviy qurollarni ommaviy qo‘llanilishida ayblagan.