Toshkentda 18-dekabr kuni 169-yo‘nalishda harakatlanayotgan Mercedes-Benz yo‘lovchi avtobusida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqdagi video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Poytaxt FVB matbuot xizmati Amir Temur shoh ko‘chasida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar soat 21:07 da kelib tushganini ma’lum qildi.

Voqea joyiga ikki o‘t o‘chirish va qutqaruv brigadasi yuborilgan. Ular soat 21:13 da yetib kelgan va yong‘inni soat 21:23 da o‘chirgan.

Yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan. Kadrlarga qaraganda, mashina jiddiy shikastlangan.

“Toshshahartransxizmat” ma’lumotiga ko‘ra, ushbu avtobus 2013-yil ishlab chiqarilgan. Transport Yunusobod tumanidagi Uch qahramon posti yaqinidagi aylanma yo‘l oldidagi bekatda to‘xtagan vaqtda avtobusning elektr kabellarining qisqa tutashuvi oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan.

Haydovchi FVV xodimlarini chaqirishdan avval avtobus salondagi yo‘lovchilarni tushirib, birlamchi o‘t o‘chirish moslamasi orqali dastlabki choralarni ko‘rgan.

Poytaxtda avtobus yong‘inlari asosan Mercedes-Benz mashinalari bilan sodir bo‘ladi. Oxirgi marta bunday hodisa iyunda yuz bergandi, o‘shanda 132-yo‘nalishda harakatlanayotgan Mercedes-Benz avtobusi yonib ketgan.

2014-yilda “Toshshahartransxizmat” yong‘in sabablari orasida konstruktiv nuqsonlarni keltirib o‘tgandi. 2018-yilda shaharda sodir bo‘lgan navbatdagi yong‘indan so‘ng, 2008−2009-yillarda ishlab chiqilgan ushbu rusumdagi mashinalardan foydalanish to‘xtatilgandi. Tekshiruvdan so‘ng avtobuslar yo‘nalishlarga qaytarilgan.