Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) O‘zbekistonda kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berish uchun bojlar miqdorini belgiladi. Bu Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tgan ILMAning 17-dekabrdagi buyrug‘ida nazarda tutilgan.
Bojlar summasi to‘lov kunidagi bazaviy hisoblash miqdorlarida belgilangan (material e’lon qilingan paytda 1 BHM 375 ming so‘mga teng). Bojlar quyidagi miqdorlarda belgilangan:
- mayning-pul — 3000 BHM (1,125 milliard so‘m);
- kriptodo‘kon — 3700 BHM (1,3875 milliard so‘m);
- kriptodepozitariy — 7000 BHM (2,625 milliard so‘m);
- kriptobirja — 73 400 BHM (27,525 milliard so‘m).
Spot xabariga ko‘ra, agentlik 2022-yil avgust oyida kripto soha ishtirokchilarini litsenziyalash tartibini, shuningdek, ularga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlagan. Kompaniya to‘rtta faoliyat turining har biri uchun alohida litsenziya rasmiylashtirishi kerak.
Xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar o‘z serverlarini O‘zbekistonda joylashtirishi, hisob-kitoblar va mijozlar haqidagi ma’lumotlarni besh yil davomida saqlashi, shuningdek, reklama talablariga rioya qilishi shart. Kriptobirjalar uchun ham 5000 BHM (1,875 milliard so‘m) miqdorida ustav fondiga minimal talablar mavjud.
Bundan tashqari, 2022-yil sentabr oyidan boshlab kriptosfera ishtirokchilari uchun oylik yig‘imlar joriy etilgan. Ularning miqdori oxirgi marta joriy yilning iyun oyida o‘zgargan, o‘shanda kriptodo‘konlar uchun yig‘im 185 BHMgacha (69,375 million so‘m), kriptobirjalar uchun esa 740 BHMgacha (277,5 million so‘m) oshirilgan edi.
RISE Research tadqiqotiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyo va Kavkazda birinchi o‘rinni va global kriptoaktivlarni qabul qilish indeksida dunyoda 33-o‘rinni egallaydi. 2023-yilda mamlakatda 512,3 ming nafar fuqaro kriptoaktivlarga egalik qilgan, kripto sanoatida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlarning aylanmasi esa 1 milliard dollardan oshgan.