Andijon viloyati Asaka tumanida yashagan er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7-dekabr kuni soat 09:20 atrofida Uchtosh mahallasida yashagan ikki fuqaro o‘z xonadonidan qo‘lbola usulda yasalgan isitish pechiga solingan ko‘mir yoqilg‘isidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanish alomatlari bilan topilgan.
Hodisa joyi tergov-tezkor guruhi a’zolari tomonidan ko‘zdan kechirilib, fuqarolarning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi hokimlik axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning 26-noyabriga qadar respublika bo‘yicha gaz bilan bog‘liq jami 74 ta (2023-yilda 86 ta) baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. O‘tgan davrda 82 nafar (2023-yilda 88 nafar) fuqaro gaz bilan bog‘liq hodisalarda vafot etdi. Yana 80 kishi (119 nafar) turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.
Vafot etganlarning 75 nafari is gazidan zaharlangan. Ularning aksariyati Farg‘ona, Xorazm va Jizzax viloyatlariga viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Ayrim holatlarda dudburon nosozligi oqibatida oilaning barcha a’zolari is gazidan zaharlanib halok bo‘lgan.