Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Adilbek Kasimaliyevning Vazirlar Mahkamasi raisi — prezident administratsiyasi rahbari etib tayinlanishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Kasimaliyev nomzodi 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Jogorku Kenesh (parlament) tomonidan tasdiqlandi, deb yozadi 24.kg. Kasimaliyev deputatlarga o‘zidan oldingi bosh vazir Akilbek Japarov dasturini amalga oshirishni davom ettirishga va’da berdi.

Bu tayinlovga qadar Kasimaliyev bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, 2015-yildan 2018-yilgacha esa mamlakat Moliya vazirligini boshqargan.

қирғизистон, Adilbek Kasimaliyev

16-dekabr kuni Qirg‘iziston rahbari Akilbek Japarovni “boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan” lavozimidan ozod qildi. Bu lavozimni Japarov uch yildan sal ko‘proq vaqt band qildi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari u prezident maslahatchisi bo‘lishi mumkinligini yozgan.

Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament yig‘ilishida Sadir Japarov Qirg‘iziston soliq xizmati rahbariyati va xodimlariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun sobiq bosh vazirni ishdan bo‘shatishga qaror qilganini ma’lum qildi.

“Soliq tizimidagi salbiy holatlar bizni qattiq xafa qildi. Aksiz markalari bilan bog‘liq firibgarliklar ma’lum bo‘lib qoldi. Bu soha Akilbek Usenbekovich nazorati ostida edi. Manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish maqsadida DSX rahbariyatiga nisbatan tergov qilinayotgan jinoiy ish yuzasidan uni lavozimidan chetlashtirishga majbur bo‘ldim”, — dedi Sadir Japarov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, sobiq bosh vazir mamlakatning iqtisodiy yutuqlariga katta hissa qo‘shgan va Japarovning iste’fosini “siyosatlashtirmaslikni” so‘radi.