Farg‘onada zapravkadagi portlash oqibatida yana 3 kishining o‘lgani tasdiqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Petrolium propan gaz quyish shoxobchasida 5 metr kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqqan. Oqibatda gaz moddasi tashqariga sizib chiqqan, so‘ngra portlash va yong‘in sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida avvalroq bir kishi vafot etgani, to‘rt kishi jarohatlangani va yana sakkiz kishi tibbiy nazorat ostiga olingani haqida xabar berilgandi. IIBga ko‘ra, shifoxonaga yotqizilgan bemorlardan 3 nafari ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olindi.

Hodisa bo‘yicha tegishli ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, hodisa 17-dekabr soat 13:45 larda sodir bo‘lgan. Viloyat FVB xabariga ko‘ra, yong‘in-qutqaruvchilar u yerga 13:47 da yetib borgan. Joy 14:02 da o‘rab olinib, 14:12 da yong‘in batamom o‘chirilgan. Tarmoqlarda fuqarolar yonayotgan odamni o‘chirish uchun o‘t o‘chirgichdan foydalanayotgani va yonayotgan mashinalar aks etgan surat va videolar tarqalgandi.