2024-yil 15-dekabrdan 2025-yil 12-yanvarga qadar bir qator yo‘nalishlarda qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot xizmati xabariga ko‘ra, qo‘shimcha qatnovlar va vagonlar qishki ta’til davrida yo‘lovchilarning temir yo‘l transporti qatnovlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qo‘shimcha qatnovlar:
- Toshkent — Urganch — Toshkent yo‘nalishida 2024-yil 17-dekabrdan boshlab 18 ta qo‘shimcha qatnov amalga oshiriladi.
- Samarqand — Toshkent — Samarqand yo‘nalishida 2024-yil 15-dekabrdan boshlab, “Afrosiyob” tezyurar elektropoyezdi qo‘shimcha 30 ta qatnovni amalga oshiradi.
Quyidagi yo‘nalishlarda 2024-yil 20-dekabrdan har kuni 4 ta qo‘shimcha plaskart vagonlari qo‘shiladi.
- Toshkent — Qo‘ng‘irot — Toshkent;
- Toshkent — Termiz — Toshkent;
- Toshkent — Urganch — Toshkent;
- Toshkent — Sariosiyo — Toshkent.
Eslatib o‘tamiz, OTM talabalari va texnikum, kasb-hunar maktabi, akademik litseylar o‘quvchilari 25-dekabrdan qishki ta’tilga chiqadi. Darslar 8-yanvardan boshlanadi.
Uzbekistan Airways davlat muassasasida tahsil oluvchi talabalar uchun barcha mahalliy aviaqatnovlarning ekonom-klass aviachiptalari tariflariga 50 foizgacha chegirma e’lon qilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” talabalarga 23-dekabr-10-yanvar oralig‘idagi mahalliy qatnovlar chiptalari uchun 50 foizlik chegirma e’lon qilgan. SV/VIP klassdagi vagonlar va “Afrosiyob” elektropoyezdlari bundan mustasno.
Toshkent shahridagi O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binolarida chipta sotib olish uchun sayyor kassalar tashkil etildi. Mazkur sayyor kassalarda talabalar temiryo‘l hamda avtobus qatnovlariga chiptalarni sotib olishlari mumkin.