17-dekabr kuni E-auksion platformasida bo‘lib o‘tgan auksonda Toshkent shahri ko‘chalari bo‘ylab pulli avtoturargohlarni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdolar o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Spot.

Kimoshdi savdosi 20 daqiqadan ko‘proq vaqt davom etdi va ikkita taklifdan so‘ng yakunlandi. Unda 62,93 milliard so‘m — boshlang‘ich bahodan (57,2 mlrd so‘m) 10 foizga ko‘proq taklif qilgan Streetpark Systems kompaniyasi g‘olib deb topildi.

25-noyabr kuni o‘tkazilgan birinchi auksionda Balcomuz g‘olib chiqqan edi. U avtoturargohlarni 3 yilga ijaraga berish uchun 120,15 mlrd so‘m taklif qilgan, biroq shartnoma tasdiqlanmagan. Eslatib o‘tamiz, ushbu auksion 2 soat 10 daqiqa davom etgan va 22 ta taklif qilingandi.

Shu bilan birga, avvalgi kimoshdi savdosi natijalariga ko‘ra, Balcomuz bilan kelishuvga erishish imkoni bo‘lmagan taqdirda avtoturargohni tashkil qilish huquqini qo‘lga kiritadigan zaxira g‘olib aniqlanmagan edi.

Shunday qilib, takroriy savdolardan so‘ng to‘xtash joylarini ijaraga olish huquqi yarim “narxiga tushdi”.

“Gazeta.uz” so‘roviga javoban E-auksion'ning aniqlik kiritishicha, avvalgi g‘olib ijara shartnomasini belgilangan muddatda imzolamagan. Shu munosabat bilan g‘alaba bekor qilingan. 572 million so‘m miqdoridagi omonat kuyib ketgan, Balcomuz kompaniyasi 12 oyga auksionlarda ishtirok etishdan chetlatilgan.

Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, avvalgi auksionda zaxira g‘olibi aniqlangan, ammo u ham shartnoma imzolamagan. Shu sababli ikkinchi ishtirokchining ismi-sharifini aniqlab bo‘lmagan. Ya’ni auksionning ikkala ishtirokchisi ham shartnoma tuzishdan bosh tortgan.

Avvallari auksionning asosiy va zaxira g‘oliblar darhol e’lon qilinardi. Biroq elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, zaxira g‘olib asosiy g‘olib shartnoma tuzishdan bosh tortgandan keyin e’lon qilinadi.

Yangi g‘olib haqida

Yuridik shaxslarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Streetpark Systems 2024-yilning 13-noyabrida ro‘yxatga olingan. Kompaniya ta’sischilaridan biri — Kudratbek Dilshadovich Yakubov bo‘lib (Leader Great Trade, Aziz Export 777, Prime Avto Consulting MCHJlariga ham egalik qiladi), u 75 foiz ulushga ega. Qolgan 12,5 foizi Vengriyaning iCell Mobilsoft Zrt va Kasy Park kompaniyalariga tegishli.

Kasy Park 2021-yilda 10 yil davomida Toshkent shahar hokimligi bilan davlat-xususiy sheriklik doirasida pulli avtoturargoh tizimini yaratish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan kompaniya. Biroq Transport boshqarmasi qonunchilik bazasi yo‘qligi sababli avtoturargohlarni tashkil qilish uchun hududni unga bermagan.

Kasy Park asoschilari 55 foiz ulushga ega Fazilov Mirodil Nigmatdjan o‘g‘li (Oazis Lux Investments, Benchmark Distribution, ADM Invest), 40 foiz ulushga ega Oldfolk qurilish kompaniyasi va 5 foiz ulushga ega Gulnora Akramovna Nigmanovalardir.

Pulli avtoturargohlar haqida

13-noyabr kuni “Gazeta.uz” Toshkentda pulli avtoturargohlarni tashkil etish huquqini beruvchi auksion e’lon qilingani haqida xabar bergandi.

Bitta lot doirasida shaharning barcha tumanlarida jami 262,8 ming kvadrat metr maydonni ijaraga berish rejalashtirilgan. Shundan 6571,3 kvadrat metri metro bekatlaridan 200 metr radiusda joylashgan. Topografik xaritaga ko‘ra, gap umumiy uzunligi 111,6 kilometr bo‘lgan 86 uchastka haqida ketmoqda:

  • poytaxtning markaziy qismida (jumladan, Amir Temur xiyoboni, Movarounnahr, Istiqlol, Yahyo G‘ulomov, O‘zbekiston ovozi, Istiqbol, Sodiq Azimov, Taras Shevchenko, Shahrisabz, Yakkachinor, Shastri, Mahatma Gandi, Hamid Olimjon, Chexov va boshqa ko‘chalar);
  • Uchtepa va Chilonzor tumanlarida (Kichik halqa avtomobil yo‘li, Farhod, Lutfiy, Cho‘ponota, Muqimiy, Qatortol, Chilonzor, Arnasoy, Yesenin, Beshqayrag‘och ko‘chalari);
  • Sergeli va Yangihayot tumanlarida (Yangi Sergeli, Tursunzoda, Alaviya, Shokirariq, Islom Sattorov, Qipchoq, Qo‘rg‘ontepa, Birodarlik ko‘chalari);
  • Olmazor va Shayxontohur tumanlarida (Labzak, Sebzor, Gulobod, Farobiy, Beltepa, Qoraqamish, Qorasaroy, Shimoliy Olmazor ko‘chalari);
  • Bektemir tumanida (Husayn Boyqaro ko‘chasi);
  • Mirobod tumani (Yangi Qo‘yliq ko‘chasi);
  • Yashnobod tumanida (Ohangaron yo‘li ko‘chasi, Quyi Talariq, Sivets, Quruvchilar ko‘chalari).

Maydonlarning asosiy qismi Mirobod (71,9 ming kv metr), Yakkasaroy (36,5 ming kv metr), Sergeli (29,5 ming kv metr), Shayxontohur (27,8 ming kv metr) va Olmazor (26,7 ming kv metr) tumanlariga to‘g‘ri keladi.

Ijara muddati 36 oyni tashkil etadi. Dastlabki ikki yil ichida ijarachi avtoturargohlarni jihozlash, parkomatlar va harakatni tashkil etish vositalarini o‘rnatish, shuningdek, kommunikatsiya va aloqani amalga oshirish uchun kamida 5 mln dollar sarmoya kiritishi kerak.

Yillik ijara boshlang‘ich narxi, yuqorida ta’kidlanganidek, 57,21 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Toshkent shahri hokimi qarori bilan pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibi va transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorlari tasdiqlangandi. To‘lovlar tarif zonalariga ko‘ra bir soat uchun 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha etib belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, loyiha birinchi bosqichida — 2025-yil avgust oyi oxiriga qadar 13,2 mingta pulli avtoturargoh joyi yaratish rejalashtirilgan, bu esa umumiy 84 ming joyning 15 foizdan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

“Gazeta.uz” bunga qadar ham Toshkentdagi tartibsiz avtoturargohlar muammolari haqida bir necha bor yozgan edi. Avtomobillar jamoat joylarini egallab, piyodalar yo‘laklarida piyodalar yo‘lini to‘sib qo‘yadi, jamoat transporti harakatiga to‘sqinlik qiladi, avtobus bekatlariga kirish va ajratilgan yo‘laklarni to‘sib qo‘yadi.

2021-yilda pulli avtoturargoh tashkil qilish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan kompaniya vakili bilan intervyu ham e’lon qilingan.