O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi narxini davlat budjetidan subsidiyalash 2028-yilda yakunlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 2025-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun muhokamasiga bag‘ishlangan majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.

Senator Anvar Tuychiyev 2025-yilda davlat budjetidan subsidiyalar uchun 28,3 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilganini qayd etib o‘tdi. Shundan 12,3 trln so‘m energetika tarmog‘iga, ya’ni gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish yoki sotib olishning bozor narxi bilan ularning ichki bozordagi chakana narxlari o‘rtasidagi tafovutni qoplash (7,5 trln so‘m), shuningdek, issiqlik ta’minoti korxonalariga subsidiyalar uchun yo‘naltiriladi (4,8 trln so‘m — 2024-yilga nisbatan 600 mlrd so‘mga ko‘p).

“Bunday sharoitda sohani subsidiyalash bo‘yicha yondashuvlarimiz ham bozor tamoyillariga mos ravishda o‘zgarib borishi kerak emasmi? Energetika sohasini subsidiyalashda kelgusida bu sohani samaradorligi qanday bo‘ladi, bu tariflarga qanday ta’sir qiladi? Shu haqda izoh berishingizni so‘rayman”, — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bu masalani “juda dolzarb” deb atadi.

“Bunday bo‘lishining asosiy sababi shundan iboratki, elektr energiya, gaz va issiqlik energiyasi bo‘ladimi — har bir mahsulot o‘z xarajatlarini qoplashi va keyingi rivojlanishi uchun ma’lum foyda keltirishi kerak. Bizda shunday vaziyat vujudga keldiki, tariflarni oshirish uchun avvalo odamlarning daromadini ma’lum bir darajaga yetkazib olish lozim edi. Shuning uchun avval odamlar bir daromad topsin, degan xulosaga kelindi, chunki, tariflarni to‘lash uchun ham pul kerak, albatta. Bu yillar davomida biz kambag‘allar sonini ikki baravar qisqartirdik. Bularning barchasi energetika sohasidagi islohotlar uchun bir poydevor yaratdi deb aytsak bo‘ladi. Chunki oshirilgan tarifni to‘lash uchun har qanday oilaning ham shunga yarasha daromadi bo‘lishi kerak bo‘ladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflar hali ham xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqmagan.

“Bu birinchi sababi. Ikkinchisi bu — biz gazning bir qismini import qilayotganimiz. Shuning uchun endi tariflarni xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga o‘tkazishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Joriy yilda tariflar oshirilgan bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2025-yil 1-apreldan ularni yana bir karra oshirish taklifi maqullangan. Nasib bo‘lsa, kelgusi yil 1-apreldan bu tariflar oshadi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

2025-yilda gaz subsidiyalari uchun 7 trln so‘m, elektr energiyasi uchun 500 mlrd so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. 2024-yilda bunday xarajatlarga jami 12 trln so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.

“Bu subsidiyalarni berish qachon to‘xtaydi, deb savol beradigan bo‘lsangiz, 2025−2026-yillarda bu davom etadi, 2027-yilda keskin pasayadi, nasib bo‘lsa va 2028-yildan boshlab budjetidan subsidiyalar berilmaydi”, — deya ishontirdi u.

“Gazeta.uz” avvalroq budjetnomaga tayanib, 2023−2024-yillarda tariflar oshirilgani va 2025-yil 1-apreldan yana oshirilishi rejalashtirilganiga qaramay, kelgusi yilda gaz narxidagi farqni qoplash uchun 7 trln so‘m (2024-yilda 9,5 trln so‘m sarflanishi rejalashtirilgan), elektr energiyasi uchun 0,5 trln so‘m (2024-yilda 2,5 trln so‘m), issiqlik ta’minoti korxonalariga subsidiyalar uchun 4,8 trln so‘m (2024-yilda 4,2 trln so‘m) ajratish ko‘zda tutilgani haqida yozgandi.

Shu bilan birga, 2026-yilda subsidiyalar miqdori 11 trln so‘mgacha kamayishi prognoz qilinayotgan bo‘lsa, 2027-yildan boshlab bu ko‘rsatkich 11,6 trln so‘mgacha oshishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, bosh vazir o‘rinbosari 2027-yildan boshlab subsidiyalar miqdorida “keskin pasayish” bo‘lishini aytdi.

“Energetika sohasidagi islohotlar qachon va nima bilan o‘z yakuniga yetadi, desangiz, elektr energiya va gazning chakana hamda ulgurji bozorini shakllantirish bilan bu masala o‘z yakuniga yetadi. Shunda bu sohaga budjetidan subsidiyalar berishga hech qanday ehtiyojlar qolmaydi”, — dedi u.

Tannarx shakllanishidagi mavhumlik

2024-yil aprel oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi tannarxi 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mga yaqin, gazniki esa — kubometri uchun 2000 so‘m atrofida hisoblanadi. U korxonalarning operatsion xarajatlarini, shu jumladan investitsiya loyihalari va kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq xarajatlarni ham o‘z ichiga oladi. 2023-yil sentabr oyida Energetika vazirligi 1 kVt/soat elektr energiyasi narxi 970 so‘m (2022-yil mayiga nisbatan +21,2 foiz), gazning bir kubometri esa 1890 so‘m (+35 foiz) ekanligini ma’lum qilgandi.

“Xavotir shundaki, bizning qilgan islohotimiz [birinchi bosqichda tariflarni oshirish — tahr.] bitta qadam bo‘lib, 2−3 yildan keyin yana o‘zining [ta'sirini] yo‘qotadi. Nimaga desangiz, hozir biz [narxlarni] tannarxga go‘yoki olib kelyapmiz, lekin 2−3 yilda hozirgi, energiyada shaffoflik yo‘q tizim bilan kim kafolat beradi tannarxlar yana ikki barobar oshib ketmasligiga?” — degandi Doniyor G‘aniyev.

Hukumat elektr energiyasining narxi hozirda 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mni tashkil etishini da’vo qilmoqda, biroq “biz bilmayapmiz bu tokning tannarxi qayerdan hisoblanayotganini”, — deydi G‘aniyev.

“Ya'ni gazni sotib olayotgan, qazib olayotgan xususiydan necha pulga olyapti, davlatnikidan necha pulga olyapti, qaysi kreditlarning operativ xarajatlari o‘tiribdi bu yerda, qaysi yo‘qotishlar, qaysi samarasizlik, o‘g‘riliklar, talon-torojliklar o‘tiribdi buning ichida… buni aniq bilmayapmiz, shaffof raqamlar yo‘q, afsuski. Ular bergan raqamga ishonishga majbur bo‘lyapmiz”, — deya qo‘shimcha qilgandi parlamentariy.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni bo‘lib yig‘ilishda 2025-yil energetika korxonalari uchun tejamkorlik va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidlagandi. Davlat rahbari har bir energetika korxonasining birinchi galdagi vazifasi tannarxni kamaytirish ekanini aytgandi.