O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti bo‘yicha kelishuvni 2025-yilgacha uzaytirdi, deb xabar qildi Afghanistan Breshna Shirkat (DABS) kompaniyasi matbuot xizmati.

dabs, афғонистон, жўрабек мирзамаҳмудов, ўзэнергосотish

Shu haftada O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Energetika vazirligi rahbari DABS bosh direktori Abdul Bari Umar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, “O‘zenergosotish” va Afg‘onistonning DABS kompaniyasi o‘rtasida 2025-yilga mo‘ljallangan elektr energiyasini sotib olish shartnomasi (PPA) tuzildi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistondan Afg‘onistonga 500 kV elektr uzatish liniyasini qurish bo‘yicha “har tomonlama va batafsil” texnik muhokamalar o‘tkazdi.

Mamlakatlar batafsil texnik tahlillar yakunlangach, Surxondan Puli-Xumrigacha bo‘lgan yo‘nalish bo‘ylab, so‘ngra Kobulga yetib boradigan elektr uzatish liniyasini yaratish bo‘yicha ishlarni boshlashga kelishib oldi. Ushbu elektr uzatish liniyasida ish boshlash sanasi bir necha bor orqaga surilgan.

Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida Afg‘onistonga sutkalik 24 million kVt/soat yoki yiliga 6 milliard kVt/soat energiya yetkazib beriladi. Loyiha bo‘yicha elektr tarmog‘ining umumiy uzunligi 245,6 km. Shundan 45 km O‘zbekiston hududida, 200,6 km Afg‘oniston hududida.

2022-yil iyul oyida Afg‘onistondagi loyiha qiymati 100,1 million dollarga baholangan.

TOLO News ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hozirda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning atigi 20 foizini ichki ishlab chiqaradi, elektr energiyasining 80 foizi esa O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan import qilinadi. Tolibon Tojikiston bilan noyabr oxirida, Turkmaniston bilan esa 7-dekabrda shartnoma imzolagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni 2024-yilgacha uzaytirgan edi.

2019-yil sentabr oyida O‘zbekistonning “Milliy elektr tarmoqlari” korxonasi Da Afghanistan Breshna Sherkat kompaniyasi bilan 10 yil muddatga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgandi. O‘shanda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev dastlabki bosqichda yetkazib berish hajmi 4,2 milliard kilovatt/soatni tashkil etib, keyinchalik 6 milliard kilovatt/soatga yetkazilishini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston 2002-yildan buyon Afg‘onistonga muntazam ravishda elektr energiyasi yetkazib bermoqda. Shu vaqt ichida yetkazib berish hajmi 62 million kilovatt/soatdan 2019-yil yakuniga ko‘ra qariyb 2,6 milliard kilovatt/soatgacha oshgan. 2023-yilda Afg‘oniston tomoniga 91,18 million dollarga 1,82 milliard kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berilgan (bir kVt/soat uchun taxminan 5 sent).