Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasi o‘z kuchi bilan Qrim va Donbassni qaytarib ololmasligini aytdi. Bu haqda u Fransiyaning Le Parisien gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Nashr Zelenskiydan urushni tugatish uchun qanday murosaga borishga tayyorligini so‘radi. “[Qrim yoki Donbassni, hech bo‘lmaganda vaqtincha] berishga tayyormisiz?” — dedi gazeta jurnalisti.

“Biz o‘z hududlarimizni berib yuborolmaymiz. Ukraina Konstitutsiyasi bunga yo‘l qo‘ymaydi. De-fakto, bu hududlar hozir rossiyaliklar tomonidan nazorat qilinyapti. Ularni qaytarib olishga kuchimiz yetmaydi. Biz Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilish uchun faqat xalqaro hamjamiyatning diplomatik bosimidan umid qilishimiz mumkin. Hayronman: bizni qo‘llab-quvvatlayotgan G‘arb nega unga bunchalik g‘amxo‘rlik qilmoqda?

Nega biz urush boshidanoq ommaviy ravishda qurollantirilmadik? Mening nutqim haqoratli tuyilishi mumkin. Ammo menda shunday taassurot borki, hamma Putin Rossiyasidan qo‘rqadigandek. U jazosiz qolmoqda. Putinga bosim o‘tkazish va bu urushni to‘xtatish uchun bizga kuchli Amerika va Yevropa kerak”, — dedi Zelenskiy.

Zelenskiydan, shuningdek, u Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyormi, deb so‘rashdi. “Qarama-qarshi o‘tirgan odam muhim emas. Muzokaralar olib borayotganingizda qanday holatda ekaningiz muhim. Biz zaif pozitsiyada emasmiz, lekin kuchli pozitsiyada ham emasmiz. NATOga kiramizmi? Bilmaymiz. Yevropa Ittifoqining bir qismi bo‘lamizmi? Ha, kelajakda, lekin qachon?”

Zelenskiyning ta’kidlashicha, hech bir jahon yetakchisi “Putin bilan Ukrainasiz muzokara olib borishga haqli emas”. “Biz bu mandatni hech kimga bermadik. Biz — qurbonlarmiz”, — dedi Zelenskiy.

Zelenskiyga ko‘ra, Putin ko‘plab ukrainaliklarni, shu jumladan, tinch aholini ham o‘ldirdi.

“U har kuni shunday qilishni davom ettirmoqda. U raketalar bilan zarba yo‘llaydi, qiynoqlar beradi, tarixiy binolarni vayron qiladi, yerlarimizni egallaydi, millionlab odamlarni o‘ldiradi. Sakkiz million ukrainalik surgun qilindi, yana millionlab odamlar vayron bo‘lgan uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan voqealarni unuta olmaymiz. Jazosiz qolinayotgani uchun boshqa diktatorlar ham bundan ilhomlanishi mumkin. Bu, shuningdek, Putinga ortga qaytish imkoniyatini beradi. Checheniston, Gruziya, Moldova, Suriya, Afrikada ham shunday qildi. Putin bumerang: u xohlagan narsasiga erishmaguncha qaytib kelaveradi. O‘ttiz yillik hukmronligi davomida birinchi marta bir mamlakat unga qarshilik ko‘rsatmoqda”, — dedi Ukraina prezidenti.

Avval ham Zelenskiy Ukraina armiyasining Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni ozod qilish uchun kuchlari yetarli emasligini aytgandi. U Ukraina xavfsizlik kafolatlarini olishi va mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish kerakligini bildirgan.

  • Ukraina hukumati dekabr oyida AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning jamoasi bilan Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan, u bir necha bor ushbu mojaroni tezda tugatishga tayyorligini aytgan. Zelenskiy 7-dekabr kuni Tramp bilan Parijda uchrashdi, uchrashuvni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron tashkil qildi.
  • Parijdagi muzokaralardan so‘ng Tramp tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga va muzokaralarni boshlashga chaqirdi. Kreml Rossiya muzokaralar uchun ochiqligini, ammo muzokaralarni boshlash uchun Ukraina hukumati Rossiya rahbariyati bilan aloqa qilish taqiqini bekor qilishi kerakligini aytdi. Ukraina hukumati bir necha bor Rossiya muzokaralarga tayyor emasligini ta’kidlagan.