19-dekabr kuni Abxaziya parlamenti yaqinida otishma sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Apsnipress axborot agentligi.
Voqea joyiga tezkor-tergov guruhi yetib borgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ikki nafar deputat yaralandi. Ulardan biri — Vaxtang Golandziya olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. OAV xabariga ko‘ra, o‘q uning boshiga tekkan.
Yana bir deputat — Kan Kvarchiya qo‘lidan jarohat olgan, unga respublika shifoxonasining jonlantirish bo‘limida yordam ko‘rsatilmoqda.
Aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, otishma parlament binosida yopiq yig‘ilish vaqtida sodir bo‘lgan. Voqea joyida militsiya, prokuratura xodimlari ish olib bormoqda.
Otishma sabablari hali noma’lum, parlament deputati Adgur Xaraziya bu ishda gumonlanmoqda, u voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan, deb xabar berdi Ichki ishlar vazirligi Apsnipress`ga. Hodisa yuzasidan tergov boshlandi.