Osiyo Taraqqiyot banki Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik asosida yuqori sifatli maktabgacha ta’limni ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining tranzaksiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi. Bu haqda OTB matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, bank Samarqand viloyatidagi 100 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rivojlantirish bo‘yicha shu kabi maslahat xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
OTBning beshta hududda tranzaksiya bo‘yicha maslahati yordamida mamlakatda 500 tagacha (har bir hududda 100 ga yaqin) maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etiladi, bu esa 75 ming nafar o‘quvchiga foyda keltiradi.
Loyihalar ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishga ko‘maklashadi, deyiladi xabarda.
“OTBning tranzaksiyalarga oid maslahat yordami bolalar bog‘chalarini boshqarish va ularning sifati va barqarorligini oshirishda ilg‘or tajriba olib keladi”, — dedi OTBning O‘zbekistondagi rahbari Kanokpan Lao-Araya.
OTB ko‘magi loyihalar tayyorlash, ularni tashkil qilish va har bir loyiha uchun malakali xususiy hamkorlarni jalb qilishda yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.
Bank ularni amalga oshirishda O‘zbekistonning DXSH bozorini rivojlantirish tajribasiga tayanadi hamda davlat va xususiy sektorni DXSHni amalga oshirish salohiyatini kuchaytirishda qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq OTB mamlakatdagi ta’lim, sog‘liqni saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, kommunal xizmatlar, chiqindilarni boshqarish va suv ta’minoti sohalarida DXSH loyihalarini qo‘llab-quvvatlagan.