Andijon shahrida yashovchi fuqaro Z.M. Suriyadagi terroristik tashkilotlarga pul jo‘natgani uchun ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxs ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochib, ular orqali diniy-ekstremistik tashkilotlarning hijrat va jihod to‘g‘risidagi materiallarini tinglab, tomosha qilgan.

Shuningdek, u Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” hamda “G‘uroba katibasi” terroristik tashkilotlari safida bo‘lgan andijonlik 3 nafar fuqaro bilan 2023-yilning may oyidan muloqotga kirishib, ularning ta’sirida Suriyaga ketishni maqsad qilgan. Lekin oilaviy muammolar sababli rejasini amalga oshirolmagan.

Bundan tashqari, 2023-yilning avgust-dekabr oylari davomida ushbu fuqarolarning oila a’zolari va tanishlari bergan jami 7150 dollar hamda 41 million 230 ming so‘m pul mablag‘ini mobil ilovalardan foydalangan holda, kriptovalyuta bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning hisob raqamlariga o‘tkazish orqali ularga yetkazib bergan.

Shu bilan birgalikda, Z.M. ulardan birining shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi ayolni 2023-yilning 19-dekabr kuni “Do‘stlik” chegara punkti orqali Qirg‘izistonga o‘tkazib, kelgusida Turkiya orqali Suriyaga yetib borishi uchun O‘sh shahridagi aeroportga kuzatib qo‘ygan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida Z.M.ning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi. U 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Suriyadagi 3 nafar andijonlikdan biri qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘lgan.