Orol qishlog‘ida ayollar asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Uy-ro‘zg‘or ishlari, farzandlar tarbiyasidan ortib, yozning jaziramasiyu qishning qahratonidan saqlanish esa oson emas. Xotin-qizlarning dalada emas, qulay sharoitda ishlab daromad qilishi tarafdori bo‘lgan Dilorom Yo‘ldosheva esa shu bois ham ishini kengaytirib, shogirdlari sonini ko‘paytirishni xohlaydi. U, vaqt o‘tgani sayin, bu maqsadiga qaysidir ma’noda erishyapti ham. Masalan, u haqida hikoya qiluvchi “Matonat” filmi suratga olingan payti shogirdlari 40 nafar atrofida edi, hozir esa ularning coni 60 dan oshgan.
Zarba
Dilorom Yo‘ldosheva 1984-yil Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. Bolaligidan chevarlikka qiziqib, bichish-tikish to‘garagiga qatnagan. Kelajakdagi kasb haqidagi insholari mavzusi ham, “katta bo‘lsang kim bo‘lasan?” deb so‘rovchilarga javobi ham har safar bir xil — tikuvchilik edi.
“Maktabni tugatganimdan keyin oliy o‘quv yurtida o‘qishimga qo‘yishmagan. Shundan keyin mahalladagi chevarga shogird tushib, tikuvchilikni kasb sifatida davom ettirganman”, — eslaydi u.
22 yoshida Denov tumanidagi Orol qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgan. Turmushi davomida uch farzand — ikki o‘g‘il bir qizni dunyoga keltirgan ayolning hayoti 2022-yili tubdan o‘zgargan: o‘rim vaqti kombaynga xalati ilinib qolishi oqibatida ikki oyog‘idan ayrilgan. To‘rt yarim soatlik jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan ayol o‘shanda o‘zidan ham ko‘ra, “bu ko‘rgilikni eshitsa, qay ahvolga tushadi!” deya xasta ko‘proq onasi haqida qayg‘urgan.
Hayotning bu kutilmagan zarbasidan tushkunlikka tushgan Dilorom Yo‘ldoshevaga oila a’zolari, xususan, opasidek qadrdon katta ovsini: “Hech nimani o‘ylamang, sizga o‘zim qarayman, hali hammasi yaxshi bo‘ladi”, — deb dalda beradi. Shifoxonadan chiqqach, unga ro‘zg‘or ishlarida ham yordamlashadi, hayotga har tomonlama qaytishiga ko‘mak beradi. “Qaynona-qaynotam erta hayotdan ko‘z yumgan. Oilada uchinchi kelinman — besh ovsin bir-birimiz bilan opa-singildekmiz”, — tushuntiradi Dilorom opa.
Darvoqe, o‘sha vaqtda Dilorom opa turmush o‘rtog‘i Dilmurod Pardayevga boshqa oila qurishni taklif qilgan. “Shuncha yil birga yashab, eng paytda bunday qilish erkakning ishi emas. Bu gapingni ikkinchi eshitmay”, — Dilmurod akaning javobi shunday bo‘lgan.
Aravacha voqeasi
Operatsiyadan bir muddat o‘tib olib kelingan aravacha bilan bog‘liq voqea Dilorom Yo‘ldoshevaga juda qattiq ta’sir qilgan. Shunga qaramay, matonatli bu ayol uni yomon ahvolga solib ketgan “sahovatpeshalar” kim ekanini aytishni xohlamaydi. “Ular shundoq ham jazosini oldi, sirligacha qolaversin”, — deydi u.
Voqea bunday bo‘lgan. Dilorom opaga zo‘r tantana bilan aravacha olib kelinadi. Uni ko‘rganida opa xuddi oyoqlari qayta tiklangandek quvonadi. Opani aravacha bilan birga rosa suratlarga tushirishadi. Ammo bu quvonch uzoqqa cho‘zilmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, aravacha aslida boshqa qishloqdagi bir momoniki bo‘ladi. Aravachani qaytarib olib ketishayotganda Dilorom opa oyoqlarini ikkinchi marta yo‘qotgandek his qiladi o‘zini.
“Momoning aravachasini olayotganda „10−15 kun ishlatib tursin, o‘ziniki chiqqach, siznikini qaytarib beramiz“, deyishgan ekan. Menga esa aravacha aslida birovniki ekani, unga o‘rganib qolmasligim kerakligini aytishmagandi. Aytishganida, o‘sha olib kelishgan kunidayoq qaytarib bergan bo‘lardim”, — deydi u.
Ammo hamma ham rasmiyatchi-ko‘zbo‘yamachi emas, chinakam sahovatpeshalar ham ko‘p. Masalan, bir sayyor qabuldan so‘ng unga zamonaviy aravacha olib berilgan (o‘sha sahovatpesha inson o‘z ismini oshkor etmaslikni juda so‘ragan). Protez qimmatligi uchun uni olish fikridan qaytganida, mahalladoshi Poshsha xola Hajga deb yiqqan pulini bermoqchi bo‘lgan.
“Pulingizni ololmayman, siz bu safarni qachondan beri kutyapsiz axir, deb opaning taklifini qabul qilmaganman. Lekin keyin qarindoshlarimiz pul to‘plab, protez olib berishdi”, — deydi Dilorom opa.
Kuch
Dilorom opa oilasi uchun yashash va harakat qilishda davom etishi kerakligini his qilib, mash’um voqeadan bir yil o‘tib, chevarlikni o‘ziga ovunchoq, oilasi uchun esa qo‘shimcha daromad manbai sifatida davom ettirishga qaror qiladi.
Unga birinchi tikuv mashinasini o‘zi yashaydigan “Surxondiyor” mahallasi ma’muriyati olib beradi, ikkinchisini esa o‘zi kreditga oladi. Ishni mavsumga xos buyurtmalarni tikishdan boshlaydi: kelinlarga sarpo, ko‘rpachalarga astar tikadi, cho‘pon qaviydi.
Umuman, oldiga kim qanday istak bilan kelsa, so‘raganidek tikib berishga intiladi. Uncha-bunchaga taksi kirmaydigan loy ko‘chalarni kechib bo‘lsa-da bozorga borib, yangicha fasonlarni o‘rganadi. Uyi uzoqligidan ba’zi mijozlar o‘zi kelolmay, buyurtmani yetkazib berishni iltimos qilsa, o‘g‘li velosipedida 5 ming so‘mga, uzoqroq joyga 10 ming so‘mga eltib beradi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan birinchi guruh nogironlari uy-joyini ta’mirlash uchun subsidiya olishi mumkinligidan xabar topgach, Dilorom opa huquqshunos bilan maslahatlashib, tadbirkorlik uchun birinchi qadamni tashlaydi: xonasini tikuv sexiga moslab ta’mirlatib, biznes-reja tuzadi, o‘z-o‘zini band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi.
Unga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan “Ayol va zamon” nodavlat notijorat tashkiloti esa uni tikuv mashinalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlaydi. Natija yarim yilga qolmay ko‘rinib qoldi — tikuvchilikka qiziqib, shogirdlikka keluvchi xotin-qizlar ko‘payadi.
“Tikish-bichish — qishloq sharoitida xotin-qizlarga eng kerakli yumushlardan. Tikishni bilsa, qiynalmaydi. Birovning bitta ko‘ylagini tiksangiz ham, ota-onangizning uyiga boradigan yo‘l pulini topasiz, deyman — battar qiziqib ketishadi”, — deydi opa.
Yaqinda “Ayol va zamon” NNT huzuridagi o‘quv markazining Denov filialini ochib, unda dars o‘tishni boshlagan Dilorom Yo‘ldosheva kun bo‘yi sevimli ishi bilan band. Peshingacha kursga kelgan qizlarga chevarlik sir-asrorlarini o‘rgatsa, tushlikdan keyin bichish-tikish bilan band bo‘ladi.
Shogirdlari ham ancha pishib qolgan — mahalladan, bozordan buyurtma oladi, o‘zini-o‘zi eplaydi. Uyida tinimsiz ishlaydigan mashinkalar ovozi shogird qizlarning gurungiyu kulgisiga ulanadi. Dilorom opa bu manzarani ko‘rsatib, “oddiy qishloq ayoli o‘ziga ishonsa, harakat qilsa, qiyinchiliklarni yengib o‘ta olishi mumkin”ligini qat’iy ishonch bilan ta’kidlaydi.
“Xuddi tushdagidek”
Ikki yil avval hayoti go‘yoki izdan chiqqan bu ayol tirishqoqligi va hayot tashnaligi ortidan bugun nafaqat o‘zi va hamqishloqlarini farovonroq qildi, balki O‘zbekiston va umuman jahondagi minglab insonlar ibrat namunasi va ruhlantiruvchi timsolga aylandi.
Dilorom opa “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda “Bi-Bi-Si”ning dunyodagi eng ruhlantiruvchi va katta ta’sirga ega 100 ayol ro‘yxatida mashhur xotin-qizlar, xususan, Nobel sovrindorlari bilan bir qatordan joy olganiga o‘zi hali ham ishona olmayotganini, sevinchini so‘z bilan ifodalashga ojizligini ta’kidlagan edi.
U kuni kecha o‘zini yana bir bor uyg‘oq holida “xuddi tush ko‘rayotgandek” his qildi — nafaqat Surxondaryo, balki butun O‘zbekiston rahbariyati, xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev ham tik turgani holda, Dilorom Yo‘ldoshevaga “Mardlik” ordeni topshirildi.