Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida erkak va uning uch farzandi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bosh prokuratura axborot xizmati bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.
Xabarga ko‘ra, hodisa 17-dekabr kuni sodir bo‘lgan. 46 yoshli erkak, uning bir o‘g‘il va ikki qizi isitish tizimidan chiqqan is gazidan zaharlanish oqibatida o‘z yashash xonadonida vafot etgan.
Aniqlik kiritilishicha, uyning yerto‘lasida o‘rnatilgan zamonaviy isitish qozonining yongan is gazi chiqishi uchun o‘rnatilgan mo‘rining umumiy havo tortish mo‘risiga ulangan qismidan gaz sizib chiqqan.
Hodisa yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning 26-noyabriga qadar respublika bo‘yicha gaz bilan bog‘liq jami 74 ta (2023-yilda 86 ta) baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. O‘tgan davrda 82 nafar (2023-yilda 88 nafar) fuqaro gaz bilan bog‘liq hodisalarda vafot etdi. Yana 80 kishi (119 nafar) turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.
Vafot etganlarning 75 nafari is gazidan zaharlangan. Ularning aksariyati Farg‘ona, Xorazm va Jizzax viloyatlariga viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Ayrim holatlarda dudburon nosozligi oqibatida oilaning barcha a’zolari is gazidan zaharlanib halok bo‘lgan.