Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni gaz qazib olishning joriy holati va uni yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Unda “O‘zbekneftgaz” raisi Bahodirjon Sidiqov joriy yilda bajarilgan ishlar hamda 2025-yilgi ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berdi. Uning aytishicha, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda kelasi yil gaz qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish loyihalari shakllantirilgan. Xususan, zamonaviy texnologiyalar jalb qilinib, yangi ekspluatatsiya quduqlarini burg‘ilash hamda eskilarini ta’mirlash rejalashtirilgan.
Yig‘ilishda tarmoqdagi asosiy muammo sifatida geologiya-qidiruv ishlariga uzoq yillar yetarlicha e’tibor qaratilmagani ko‘rsatildi. Oqibatda ayrim konlar foydalanish muddatini deyarli o‘tab bo‘lgan, yana ba’zilarining samaradorligi past. Shuning uchun zamonaviy texnologiya olib kelib, 15 ta yangi istiqbolli maydonda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi. Seysmik qidiruv hududi 6,5 ming kvadrat kilometrga kengaytiriladi.
Prezident mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar va ekspertlarni jalb etgan holda, geologiyani rivojlantirish va yangi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha 2025-yil uchun dastur ishlab chiqishni topshirdi.
“O‘zbekneftgaz” transformatsiyasi davom ettirilishi rejalashtirilmoqda, uning asosiy vazifalardan biri tannarxni 8 foizga qisqartirish va xalqaro kredit reytingini yaxshilash bo‘ladi. 2025-yilda uning ishlab chiqarish loyihalari va geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun 2 mlrd dollarlik xorijiy kreditlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.
“O‘zbekiston 24” telekanali o‘z syujetida gaz qazib olish hajmi (ko‘rsatkich qaysi davr bilan solishtirilgani aytilmagan) ko‘payib, kuniga 76 mln kub metrgacha yetkazilgani haqida xabar berdi, shuningdek, aholi va iqtisodiyot talabiga mos ravishda energiya yetkazib berilayotgani aytildi.
Statistika agentligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yirik korxonalarida gaz qazib olish hajmi oktabr oyida 3,6 mlrd kub metrgacha kamaygan, bu 2023-yil oktabr oyiga (3,79 mlrd) nisbatan 5 foizga (189,7 mln kub metrga) va 2022-yil sentabr oyiga (4,23 mlrd) nisbatan 14,8 foizga kam.
Yanvar-oktabr oralig‘ida qazib olish hajmi 37,1 mlrd kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,87 mlrd kub metrga kam. 2019-yilning shu davriga nisbatan (50,1 mlrd) pasayish 13 mlrd kub metrni tashkil etdi. Bu aholining yillik gaz iste’moli hajmidan (2022-yil uchun) ko‘proq.
Yil boshidan buyon O‘zbekistonga gaz importi qiymati 1,36 mlrd dollarga yetdi, bu 2023-yilning dastlabki 10 oyidagi ko‘rsatkichdan 2,4 barobar ko‘p. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirish rejalari haqida ma’lum qilgandi.
Bu davrda O‘zbekistondan gaz eksporti 540,4 mln dollarga (+17,9 foiz) oshdi. Hukumat avvalroq 2025-yildan boshlab gaz eksportini to‘xtatish rejalari borligi haqida e’lon qilgandi.
Joriy yilgi qish mavsumida O‘zbekiston iste’molchilariga 21 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilmoqda.