Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkiloti Isroil G‘azodagi minglab falastinliklarni toza suvdan mahrum qilish orqali o‘ldirganini bildirdi, bu qonuniy ravishda genotsid va qirg‘in aktlariga teng keladi.

“G‘azoda tinch falastinliklarning ommaviy o‘ldirilishi doirasida amalga oshirilgan bu siyosat Isroil hukumati insoniyatga qarshi qirg‘in jinoyatini sodir etganini anglatadi, bu jinoyat davom etmoqda. Bu siyosat, shuningdek, 1948-yilgi genotsid konvensiyasiga muvofiq “genotsid akti”ga tengdir”, — deyiladi hisobotda.

Isroil bir necha bor genotsid ayblovlarini rad etib, HAMAS hujumidan beri xalqaro huquqni hurmat qilayotgani va o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanini ta’kidlaydi.

Reuters`ga ko‘ra, Isroil Tashqi ishlar vazirligi mazkur ayblovga javoban “Haqiqat HRW yolg‘onlarining butunlay teskarisidir” deya bayonot berdi. “Urush boshlanganidan beri Isroil HAMAS terrorchilik tashkilotining doimiy hujumlari ostida harakat qilishiga qaramay, G‘azoga suv va gumanitar yordamning uzluksiz oqimini ta’minlab kelmoqda”, — deyiladi bayonotda.

“Biz Isroil hukumati G‘azodagi falastinliklarni yashash uchun zarur bo‘lgan suvdan mahrum qilish orqali ataylab o‘ldirayotganini aniqladik”, — dedi Human Rights Watch tashkilotining Yaqin Sharq bo‘yicha direktori Lama Fakih matbuot anjumanida.

Isroil o‘z javobida suv infratuzilmasi ishini ta’minlaganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, xalqaro hamkorlar o‘tgan hafta ham Isroil orqali suv tankerlarini jo‘natgan va Isroil G‘azoga 1,2 million tonnadan ortiq gumanitar yuklarni olib kirishga yordam bergan.

Xalqaro amnistiya tashkiloti Isroil genotsid sodir etyapti, degan xulosaga kelgan hisobotni e’lon qilgandan so‘ng Human Rights Watch Isroilning G‘azodagi harakatlarini tavsiflash uchun genotsid so‘zini ishlatgan bir oy ichidagi ikkinchi yirik inson huquqlari tashkiloti bo‘ldi.

Ikkala hisobot ham Xalqaro jinoiy sud Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning sobiq mudofaa rahbariga urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun hibsga olish to‘g‘risida order berganidan bir necha hafta o‘tib e’lon qilindi.

HRW tashkilotining 184 sahifali hisobotida aytilishicha, Isroil hukumati G‘azoga suv quvurlarini o‘tkazishni to‘xtatdi, elektr energiyasi va yonilg‘ini cheklab qo‘ydi, bu esa G‘azoning o‘z suv va kanalizatsiya obyektlaridan foydalana olmasligini anglatadi.

Oqibatda G‘azodagi falastinliklar ko‘plab hududlarda kuniga atigi bir necha litr suvdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib qoldi, bu esa yashab qolish uchun zarur bo‘lgan 15 litrlik chegaradan ancha past, deydi tashkilot.

Isroilning 2023-yil oktabridan beri qilayotgan hujumlari sababli hozirgacha 45 000 dan ortiq falastinlik halok bo‘ldi, 2,3 million aholining aksariyati ko‘chirildi va qirg‘oq anklavining katta qismi vayronaga aylandi.