Ushbu material dastlab 2024-yil 26-noyabrda rus tilida e’lon qilingan.

Global ekologik fondning kichik grantlar dasturi (GEF KGD) Sirdaryo viloyatidagi 30 yil davomida ko‘mir bilan isitilgan qishloq maktablaridan birida issiqlik nasoslarini joriy etishning iqtisodiy foyda va xarajatlari tahlilini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Ko‘mir bilan isitishning nimasi yomon?

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarining 6700 dan ortig‘i — jami maktablarning 60 foizi qishloq hududlarda joylashgani va sifatsiz ko‘mir bilan isitilayotgani, buning oqibatida ta’lim muassasalarida harorat SanQvaMga muvofiq belgilangan minimal darajaga yetmasligi haqida yozgan edi. Oqibatda bolalar o‘quv yilining aksariyat qismida shunday noqulay sharoitlarda ta’lim oladi, o‘qituvchilar dars beradi. Ustki kiyimlar, jumladan, qalpoq va qo‘lqoplar O‘zbekiston qishloq maktablarining qishki dresc-kodiga aylanib ulgurgan.

bmttd, energetika, gef kgd, iqlim o‘zgarishi, isitish, issiqlik nasoslari, maktablar, ta’lim, xalq ta’limi

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-sonli maktabning sinfxonalaridan biri, 2022-yil qishida. Foto: GEF KGD.

“O‘z-o‘zidan, ta’lim sifati ham sharoitga mos bo‘ladi. Bu O‘zbekistonda inson kapitalining rivojlanishiga juda jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, — deydi GEF KGDning O‘zbekistondagi milliy koordinatori Aleksey Volkov.

Maktablarga bir isitish mavsumida 70−90 tonna ko‘mir yetkazib beriladi (arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, bu sovet davridagiga qaraganda uch baravar kam). Shunda ham bu ko‘mirning asosiy qismi changdan iborat. Ko‘mirning yirik bo‘laklari elakdan o‘tkaziladi, changdan esa “kulchalar” yasalib, so‘ng pechkaga tashlanadi.

bmttd, energetika, gef kgd, iqlim o‘zgarishi, isitish, issiqlik nasoslari, maktablar, ta’lim, xalq ta’limi

Boyovut tumanidagi 19-sonli maktabga 2022-yilda yetkazib berilgan ko‘mir. Foto: GEF KGD.

Qishloq maktablarini qattiq yoqilg‘i bilan isitish uchun uch turdagi qurilmalardan foydalaniladi: modulli qozonxonalar, zamonaviy uzoq yonuvchi qozonlar va qo‘lbola (burjuy) pechlar. So‘nggisi gravitatsion isitish tamoyili bo‘yicha ishlaydi va butun maktab binosini o‘rab oladi, chunki ularning har biri uch-to‘rtta xonani isitishga mo‘ljallangan. 1991−2016-yillarda qishloq maktablarining aksariyati aynan shu tizimga o‘tkazilgan. Chunki elektr energiyasi tanqisligi tufayli maktablardagi markazlashtirilgan ko‘mir qozonxonalarining sirkulyatsion nasoslari ishlamay qolgan.

Loyiha muhandisining so‘zlariga ko‘ra, ko‘mir qozonxonalarining muammosi shundaki, binoni isitish uchun avval butun tizimni qizdirib olish kerak: suv quvuridagi suv harorati kerakli 60 darajaga yetishi uchun uzoq vaqt — 10−12 soat talab qilinadi. Bu, qozonning foydali ish koeffitsiyentidan tashqari, uskuna va xomashyoning texnik xususiyatlari bilan ham bog‘liq: ko‘mir past kaloriyali bo‘lgani uchun issiqlik tashuvchi (isitish tizimidagi suv)ni va mos ravishda xonalarni isitish uchun zarur bo‘lgan yoqilg‘i miqdori qozonlarning yonish kamerasiga sig‘maydi. O‘txonaga ko‘pi 54 kg yoqilg‘i ketadi. Ko‘proq yoqilg‘i sig‘dirolgan taqdiringizda ham, u shunchaki yonmaydi. Shu bois qizdirish vaqti 10−12 soatga cho‘ziladi. Maktablarda alohida shtat birligida ishlaydigan o‘t yoquvchilar ularni ertalab soat 5 da isitishni boshlaydi. Tizim kerakli miqdorda issiqlik ishlab chiqarishni boshlaganida, allaqachon darslar tugab, bolalar uyiga qaytgan bo‘ladi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda barqaror demografik o‘sish tufayli hali ham maktab yetishmovchiligi muammosi bor, shuning uchun mamlakatdagi barcha umumta’lim muassasalarining 70 foizdan ortig‘i ikki smenada ishlaydi. Ularning aksariyati rekonstruksiya, kapital va joriy ta’mirlash hamda isitish tizimini yaxshilashga muhtoj.

Bugungi kunda davlat tomonidan maktablarga ajratilayotgan qattiq yoqilg‘ining asosiy qismi tizimni uzoq vaqt qizdirib olish uchungina sarflanmoqda. Agar davlat mahalliy ko‘mir yetkazib berishni 10 baravar oshirsa yoki import ko‘mir sotib olishni boshlasa va har bir maktabga 200−250 tonnadan sifatli ko‘mir ajratsa, vaziyat yaxshilanishi mumkin. Lekin unda havo sifati nima bo‘ladi?

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, hozirning o‘zida Toshkentdagi havo ifloslanishi yiliga 3000 tagacha bevaqt o‘limga sabab bo‘lyapti. Inson umrini qisqartiradigan iflos yoqilg‘i va 11 yilni partada o‘qish xayoli bilan emas, balki sovqotmaslikni o‘ylab o‘tkazadigan bitiruvchilar chiqadigan sovuq o‘quv xonalariga ijobiy muqobil bormi?

GEF KGD 2023-yili Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktabda muqobil va ekologik toza isitish tizimini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini ishga tushirgan edi. Muassasaga “havo-suv” tamoyili asosida ishlaydigan issiqlik nasoslarini o‘rnatish taklif qilindi. Uskunalar elektr energiyasi bilan ishlaydi. Energiya transformatsiyasi hisobiga texnologiya 1 kVt elektr energiyasidan 3,5 kVt issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Taqqoslash uchun, ko‘mir qozoni 1 kVt yoqilg‘ini 0,7 kVt issiqlik energiyasiga aylantiradi.

“Ushbu loyiha orqali qanday qilib toza texnologiya yordamida maktabni isitish va sanitariya me’yorlariga erishish mumkinligini sinab ko‘rishni istadik”, — deydi Aleksey Volkov.

bmttd, energetika, gef kgd, iqlim o‘zgarishi, isitish, issiqlik nasoslari, maktablar, ta’lim, xalq ta’limi

Aleksey Volkov. Foto: Green Development Platform / Telegram.

Uning qo‘shimcha qilishicha, issiqlik nasoslari sinfxonalarni isitish va sovutish, shuningdek, suv va issiq pollarni isitish uchun ishlatiladi, shuning uchun ulardan yoz mavsumida ham foydalanish mumkin.

Tajriba-sinov maktabida loyiha natijalari

19-sonli maktab 4000 kvadrat metr maydonga ega namunaviy o‘quv muassasasi hisoblanadi. Maktab 500 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Uni isitish uchun 320 kVt issiqlik energiyasi quvvati talab etiladi.

Maktabda nasoslarni o‘rnatishdan oldin Jahon banki mablag‘lari hisobidan kapital ta’mirlash ishlari o‘tkazildi. Bu loyiha samaradorligini oshirishga xizmat qildi, chunki ilgari ta’lim muassasasida o‘rnatilgan deraza romlari eski edi. Ular issiqlik yo‘qotishlarini sezilarli darajada oshirardi. Rekonstruksiya doirasida eski derazalar plastik romlarga almashtirildi, shuningdek, tom ta’mirlandi, yangi radiatorlar o‘rnatildi va isitish tizimidagi eski quvurlar yangilandi.

bmttd, energetika, gef kgd, iqlim o‘zgarishi, isitish, issiqlik nasoslari, maktablar, ta’lim, xalq ta’limi

Issiqlik nasoslari.

“Muhim jihati shundaki, maktablarning mavjud isitish tizimlariga issiqlik nasoslarini joriy etish uchun ko‘p narsani qayta qurish shart emas, — deydi Aleksey Volkov. — Biz issiqlik nasosini ko‘mir qozonning o‘rniga o‘rnatyapmiz, butun isitish tizimi esa — batareya va quvurlar — o‘z holida qoldirilishi mumkin. Albatta, samaradorlikni oshirish uchun ko‘p imkoniyatlar bor, lekin butun tizimni o‘zgartirmaslik ham mumkin. Bu esa texnologiyani joriy qilish xarajatlarini kamaytirishda muhim ahamiyatga ega”.

Loyiha natijalari 2023-yilning 13-noyabridan 20-dekabrigacha bo‘lgan davr uchun baholandi. Bu davrda harorat -9 darajadan +9 darajagacha o‘zgarib turgan.

Ko‘rsatkichlar
Boyovut tumani 19-sonli maktabda ko‘mir bilan isitish (2022-yil)
Boyovut tumani 19-sonli maktabda issiqlik nasosi bilan isitish
Boyovut tumani 18-sonli maktabda ko‘mir bilan isitish
Tashqaridagi havo harorati

+/- 9 daraja
+/- 9 daraja
Suvning uzatishdagi maksimal harorati
+49 daraja (bunday harorat faqat bir marta kuzatilgan)
+55 daraja
-
Sinfxonalardagi maksimal harorat
+15 daraja
+20 daraja
+15 daraja
Sarflangan energiya / yoqilg‘i miqdori
34 kg/soat (12 soatda maksimal 500 kg)
sutkasiga 1437 kVt*soat
sutkasiga 400 kg ko‘mir
Tizimni qizitib olish vaqti
11 soat
40 daqiqa
11 soat

“Biz bu haqiqatda samarali texnologiya ekanligini ko‘rsatib berdik, — deydi Aleksey Volkov. — Hozir bolalar maktabda ko‘proq vaqt qolyapti, chunki ular uchun endi maktab binosi uyga nisbatan qulayroq. O‘qituvchilar ham maktabda ko‘proq vaqt o‘tkazyapti. Kasallanish kamaygan. Bizga elektr energiyasi taqchilligi sababli issiqlik nasoslarini o‘rnatishga ruxsat berilmasligini aytishgandi. Uzilishlar bo‘ldi, lekin issiqlik nasoslari ishlashda davom etdi. Uzilish muammosini hal qilish uchun loyiha ustida ishlashni davom ettiramiz va issiqlik nasoslarini ta’minlaydigan fotoelektr stansiyalarini o‘rnatamiz”.

“Gazeta.uz” nashri tomonidan 2023-yil dekabr oyida tayyorlangan reportajda 19-sonli maktab direktori Muhtaram Hasanova maktab binosi o‘nlab yillar deganda birinchi marta haqiqatda isiganini ta’kidlagandi.

“Biz bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinish darajasi bo‘yicha viloyatda eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga egamiz. O‘ylaymanki, bundan keyin isitish tufayli ta’limdagi yutuqlarimiz yaxshilanadi va maktabimiz sog‘lom avlodni o‘qitishga xizmat qiladi”, — deydi Muhtaram opa.

Issiqlik nasoslarining cheklovchi omili quvvat manbai hisoblanadi. Ular elektr energiyasi bilan ishlaydi. Maktabning energiya iste’moli bo‘yicha bir oylik kvotasi 1200 kVt/soatni tashkil etadi, issiqlik nasoslari esa bir kunda shuncha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Shu sababli GEF KGD 19-maktabda fotoelektr stansiyasini (FES) qurish loyihasi ustida ishlamoqda, u allaqachon o‘rnatib bo‘lingan issiqlik nasoslarining mustaqil ta’minoti uchun elektr energiyasi ishlab chiqaradi. FES isitish mavsumida issiqlik nasoslariga bo‘lgan talabning 30 foizgacha bo‘lgan qismini qoplashi, yozda esa Boyovut elektr tarmoqlariga elektr energiyasini sotishi kutilyapti. Issiqlik nasosini energiya bilan ta’minlash uchun FES qurishdan ko‘zlangan maqsad — mamlakat bo‘ylab boshqa maktablar va ijtimoiy obyektlarda muqobil tizimni joriy etishning moliyaviy jozibadorligini ko‘rsatib berish.

Iqtisodiy tahlil

Loyihaning foydasi va xarajatlari iqtisodiy tahlilini Mamun universitetining Iqtisodiyot va gumanitar fanlar fakulteti “Iqtisodiyot” kafedrasi dotsenti, iqtisodchi Inna Rudenko amalga oshirdi. Uning ta’kidlashicha, muqobil tizimga o‘tishning ijtimoiy foydasi haqiqatda mavjud. Texnologiya ushbu maktabda ta’lim jarayonini yanada qulaylashtirgan.

bmttd, energetika, gef kgd, iqlim o‘zgarishi, isitish, issiqlik nasoslari, maktablar, ta’lim, xalq ta’limi

Inna Rudenko.

“Oldindan aytib o‘tishim kerakki, men tajribali iqtisodchi sifatida iqtisodiy tahlil bizga unchalik yaqqol manzarani ko‘rsatmaslgini oldindan taxmin qilganman. Chunki ijtimoiy obyektlar muqobil isitish tizimiga kiritilgan investitsiyalarni qoplash uchun moddiy boyliklar ishlab chiqarmaydi, mahsulot sotmaydi, sezilarli foyda olmaydi. Shuning uchun oldimizda turgan vazifa quyidagicha edi: muqobil isitish tizimiga o‘tish odamlarda ushbu texnologiyaga nisbatan qiziqish uyg‘otishiga, mamlakat rahbariyati va jamiyatni isitish tizimini almashtirish zarurligiga ishontirishga xizmat qiladigan hisob-kitoblarni amalga oshirish va ana shunday ssenariylarni ko‘rib chiqish. Chunki jamiyat shunday qurilganki, unga nafaqat ijtimoiy va ekologik, balki iqtisodiy foydalarni ham isbotlab, ko‘rsatib berishga to‘g‘ri keladi”, — deydi Inna Rudenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tahlilda muqobil isitish tizimiga o‘tishning umumiy va sof foydalari, shuningdek, ijtimoiy va ekologik foydalari baholangan.

Hisob-kitoblar ikki xil ssenariy — maktab issiqlik nasoslarini energiya bilan ta’minlash uchun shahar elektr tarmog‘idan foydalanilgan holat va maktab issiqlik nasoslariga xizmat ko‘rsatish uchun kichik FES o‘rnatilgan holat — asosida qilingan.

“Yashil” uskunalarga kiritilgan investitsiyalarning rentabelligi qazilma yoqilg‘idan foydalanilgan uch xil ssenariy bilan taqqoslangan:

  • ko‘mir subsidiyalanishda davom etgan holat;
  • maktablar mahalliy ko‘mirni bozor narxlarida xarid qila boshlagan holat;
  • maktablar yuqori sifatli import ko‘mirni xarid qila boshlagan holat.

“Tahlilni yanada qiziqarli qilish uchun CO2 kvotalari sotilgan va sotilmagan holatlardagi ssenariylarni ham hisobga oldik”, — qayd etadi Inna Rudenko.

CO2 kvotasi — u nima degani?

Issiqxona gazlari chiqindilari uchun kvotalar savdosi — atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishning xalqaro bozor vositasidir. Ko‘mirdan foydalanishdan voz kechar ekan, maktab atmosferaga issiqxona gazlarini chiqarmaydi. Chiqarilmagan CO2 hajmini muassasa foydalanilmagan kvota sifatida o‘z chiqindilarini kamaytira olmayotgan va atmosferani ifloslantirishda davom etayotgan chet el korxonasiga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bunday korxona atmosferaga issiqxona gazlarini chiqarishni to‘xtatganlardan kvotalarni sotib olishi mumkin.

Inna Rudenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu “mavhum tushuncha bo‘lsa-da, Yevropaning ko‘p mamlakatlarida, shuningdek, AQSh va Yaponiyada amalda qo‘llaniladi”.

Yevropada narxlar CO2 ning bir tonnasi uchun 10 yevrodan 120 yevrogacha o‘zgarib turadi. Yaponiya bilan 1 tonna CO2 uchun 18 AQSh dollari bahosida kvotalarni sotib olish bo‘yicha ikki tomonlama bitim imzolangan. Iqtisodiy tahlilda Inna Rudenko bir tonna CO2 ni 30 dollarga baholagan — prezidentning energetika islohotlari uchun innovatsion uglerod resurslarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorida aynan shu miqdor ko‘rsatilgan. CO2 kvotalari bilan savdo qilish imkonini beradigan loyiha 2027-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilyapti. Natijalar buzib ko‘rsatilishining oldini olish uchun chiqindilar hajmini qanday hisoblash taklif etilganligini quyida bayon qilamiz.

Hisob-kitoblar 20 yillik istiqbol uchun amalga oshirildi — issiqlik nasoslari aynan shuncha vaqt davomida ishlatilishi mumkin. FESlar esa 50 yilgacha xizmat qiladi.

Xarajatlar

Jahon banki va Iqtisodiyot vazirligining maktabni qayta qurish uchun yo‘naltirgan xarajatlari 2,4 mlrd so‘m (218 ming dollar)ni tashkil etdi. Biroq iqtisodiy tahlilda bu xarajatlar hisobga olinmadi, chunki ular har bir maktab uchun keskin farq qiladi.

Issiqlik nasoslari va ularni isitish tizimiga integratsiya qilish hamda ishga tushirish uchun barcha tegishli ishlarning qiymati 1,8 mlrd so‘m (152 ming dollar)ni tashkil etdi.

Isitish mavsumida elektr energiyasi xarajatlari 129,6 mln so‘m (10,5 ming dollar)ni tashkil etdi.

Foydalanishning ikkinchi yilidan boshlab har yilgi joriy ta’mirlash xarajatlari uskunalar qiymatining 5 foizi — 6,9 ming AQSh dollari miqdorida belgilandi. Besh yilda bir marta o‘tkaziladigan kapital ta’mirlash xarajatlari 13,9 ming dollarni tashkil etadi.

Samara

Ko‘mirning bozor narxi 1000 so‘mni tashkil etgani holda, maktablar ko‘mirni imtiyozli narxda — 410 so‘mdan xarid qilgani sababli, qattiq yoqilg‘idan tejalgan xarajatlar va iflos yoqilg‘iga ajratiladigan subsidiyalar hisobiga texnologiyani qoplash imkonsiz, chunki issiqlik nasoslari katta miqdorda elektr energiyasini iste’mol qiladi.

Agar maktab ko‘mirni bozor narxlarida sotib olganida, isitish tizimidan foydalanishning birinchi yilidayoq 54,7 mln so‘m tejashga erishgan bo‘lardi. Biroq asbob-uskunalar qiymatini baribir qoplab bo‘lmasdi. Agar maktab bir kilogrammi 2500 so‘m turadigan import ko‘mir sotib olsa, yoqilg‘i tejalishi 331 mln so‘mni tashkil etgan bo‘lardi.

Issiqlik nasoslarini shahar tarmog‘iga ulash maktabga CO2 chiqindilarini 534 tonnadan 88,9 tonnagacha qisqartirish imkonini beradi — issiqlik elektr stansiyasi to‘rt oylik isitish mavsumida maktabga issiqlik nasoslari ishlashi uchun zarur bo‘lgan 144 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun xuddi shuncha karbonat angidrid gazini chiqaradi. CO2 kvotalari sotilsa, potensial foyda 164 mln so‘mni tashkil etadi.

FESni o‘rnatish va CO2 kvotasini sotishdan olinadigan foyda

Fotoelektr stansiyasining qiymati 50 ming dollar bo‘lishi kutilmoqda. FES o‘rnatilsa, maktab karbonat angidrid gazini umuman chiqarmaydi va shahar tarmog‘iga elektr energiyasi sotishi mumkin bo‘ladi.

Issiqlik nasoslarining ishlashi uchun elektr energiyasi sarfi isitish mavsumida 144 ming kVtni tashkil etadi. FES yiliga 155 ming kVt quvvat ishlab chiqaradi. Shundan 120 ming kVt — isitish mavsumidan tashqari, 35 ming kVt esa — noyabrdan fevralgacha bo‘lgan davrda. Yilning iliq mavsumida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini maktab shahar tarmog‘iga sotishi va hatto foyda olishi mumkin. CO2 kvotalarini sotishdan olinadigan potensial foyda yiliga 16 ming dollarni tashkil etadi.

To‘liq iqtisodiy tahlil bilan havola orqali tanishish mumkin.

CO2 kvotalari qanday sotiladi?

CO2 kvotalarini sotish texnologiyaning o‘zini o‘zi qoplash muddati va iqtisodiy jozibadorligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, deydi Aleksey Volkov.

“Kvotalar bozori juda o‘zgaruvchan. Deyarli havo sotilayotgani uchun bozor juda murakkab, — deydi Aleksey Volkov. — Chiqindilarni kamaytirish birligini tasdiqlash uchun juda katta jarayondan o‘tish kerak: chiqindilarni kamaytirishni tasdiqlaydigan auditorlik kompaniyasi bo‘lishi lozim. Bu jarayonni osonlashtirish va bozorga osonroq kirish uchun biz ushbu chiqindilarni blokcheyn texnologiyasi yordamida hisobga olish mexanizmini sinab ko‘rmoqchimiz”.

bmttd, energetika, gef kgd, iqlim o‘zgarishi, isitish, issiqlik nasoslari, maktablar, ta’lim, xalq ta’limi

Blokcheyn texnologiyasi ma’lumotlarni hisobga olishning markazlashmagan tizimini yaratishni nazarda tutadi. Issiqlik nasoslari va fotoelektr stansiyalar bo‘yicha bunday ma’lumotlar energiya ishlab chiqarish va sarflash hisoblanadi, deb tushuntiradi Energy Eco Sources energetika kompaniyasining marketing va raqamli transformatsiya bo‘yicha direktori Ivan Butuk.

Ushbu texnologiya quyosh stansiyasi tomonidan soat, kun yoki yil davomida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi va/yoki issiqlik nasoslari tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik miqdorini hisobga olish imkonini beradi. Bu esa sarflangan mablag‘larning qoplanish muddati va shahar tarmog‘iga sotilgan elektr energiyasi hajmini baholashga yordam beradi. Banklar “yashil” loyihalarni moliyalashtirishda ishonchli raqamlarga tayanib, risklarni real baholay oladi. Ivan Butukning qayd etishicha, bugungi kunda moliyaviy tuzilmalar pul ajratayotganda, issiqlik nasoslari yoki fotoelektr stansiyalar qanchalik samarali ishlashi haqida tasavvurga ega emas. Registratorga xalqaro moliya tashkilotlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar va hukumatlar himoyalangan statistik ma’lumotlarni olish uchun ham qiziqish bildirishi mumkin.

Global CO2 kvotalari bozorining muammosi shundaki, ular bilan savdo qilayotgan mamlakatlar sifatsiz va bahsli ma’lumotlarni taqdim etmoqda: ba’zi CO2 tonnalari takroran sotiladi, ayrim loyihalar o‘z ko‘rsatkichlarini pasaytirib ko‘rsatadi. Ayni paytda, markazlashmagan reyestrlar xalqaro bozorlarda natijalarni hisobga olishda mutlaq halollikni ta’minlashga qodir, chunki ular ko‘plab tasdiqlash markazlari tomonidan tasdiqlangan reallikni aks ettiradi.

Markazlashmagan hisob tizimi — bu ma’lumotlarning tozaligi va haqqoniyligi yagona markazning yo‘qligi bilan ta’minlanadigan tizimdir. Yagona markazni ma’lumotlarni o‘z yoki boshqa birovning manfaatlarini ko‘zlab manipulyatsiya qilishi mumkin bo‘lgan bir shaxsning manfaatlariga bo‘ysundirish osonroq. Blokcheyn tizimlarida ma’lumotni buzish juda qiyin, chunki barcha ma’lumotlar ko‘plab ro‘yxatga oluvchilar nazorati ostida bo‘ladi. Chiqindilarni kamaytirish yoki toza manbalardan ishlab chiqarilgan energiya miqdori bo‘yicha ma’lumotlarni soxtalashtirmoqchi bo‘lgan har qanday kishi ushbu ma’lumotlarni ro‘yxatga olish tizimining barcha tugunlarida soxtalashtirishi kerak bo‘ladi, bu juda murakkab jarayon. Faqatgina kimdir tarmoq ishtirokchilarining 51 foizi (server-ro‘yxatga oluvchilarning egalari) bilan kelishib olsa, ma’lumotlarni soxtalashtirish mumkin, lekin bu juda qimmat va texnik jihatdan murakkab.

“Ma'lumotlarni o‘zgartirish mumkin. Biroq, tasavvur qiling, turli sohalardagi manfaatdor shaxslar uchun to‘g‘ri ma’lumotlarni saqlash ma’lumotlardan noyob foydalanish imkoniyati tufayli individual ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun, kimningdir manfaati yo‘lida bir marta mantiq buzilsa, kompaniya o‘z maqsadlarini yo‘qotish riskini o‘z zimmasiga oladi. Tartibning buzilishi tartibsizlikka va birxillikning buzilishiga olib keladi, bu esa tizim tomonidan darhol aniqlanadi. Server-ro‘yxatga oluvchilarning egalari ko‘p bo‘lsa, ular ma’lumotlarni qalbakilashtirish uchun tavakkal qilishga kam hollarda rozi bo‘ladi. Reyestr atmosferaga chiqarilmagan har bir tonna CO2 ni avtomatik ravishda global bozorda aks ettirish imkonini beradigan yagona markazlashmagan hisobga olish tizimiga aylanishi mumkin. Blokcheyn yordamida har qanday uskunaning ishlashi, suv, gaz, tuproq va daraxtlar hamda boshqa resurslarning hisobini yuritish bo‘yicha ma’lumotlarni ochiq e’lon qilish mumkin”, — deya qo‘shimcha qiladi Ivan Butuk.

Xulosalar

Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston qishloq maktablari va umuman qishloq tumanlari energo-kambag‘allik holatida. Biroq yangi texnologiyalarni qo‘llash aholining hayotini sifat jihatidan yaxshilashi mumkin. Uni amalga oshirish yo‘lidagi to‘siqlar kambag‘allik va hukumat tomonidan yetarli darajada moliyalashtirilmaslik bilan bog‘liq bo‘lib, bu inson salohiyatini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda “yashil” energetika bozori deyarli yo‘qligiga qaramay, u rivojlanadi. Hozircha muqobil texnologiyalar noyob hodisa sifatida qaralmoqda. Biroq keng tarqalishi bilan ularning, shu jumladan, issiqlik nasoslarining narxlari, albatta, pasayadi. Mamlakatda turli uskunalarning mahalliy ishlab chiqaruvchilari paydo bo‘lishi mumkin. Bu, shubhasiz, ularning o‘zini oqlash muddatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Aleksey Volkovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihaning iqtisodiy natijalariga qiziqish bildirgan. Hozir issiqlik nasoslari va quyosh stansiyalarini kasalxona yoki bolalar bog‘chasi kabi yil davomida foydalanish mumkin bo‘lgan boshqa ijtimoiy obyektlarda ham sinovdan o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Issiqlik nasoslaridan yil davomida foydalanish iqtisodiy samaradorlikni yanada oshiradi, chunki yilning ko‘p qismida muassasalar konditsionerdan foydalanishni talab qiladi. Issiqlik nasosi xonalarni sovitish uchun energiya sarfini kamaytiradi.