Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni Tashkent Pharma Park innovatsion klasterida farmatsevtika sohasidagi korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, oxirgi yetti yilda farmatsevtikada ishlab chiqarish 2 karra oshgan. Eksport 11 barobar ko‘paygan. 750 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, korxonalar soni 3 barobar o‘sgan.

O‘zbekistonda 3,5 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqarilayapti.

Prezident bu talabni to‘liq qondirish uchun yetarli emasligini aytib, dori-darmonlarning 80 foizi xorijdan olib kelinayotganini tanqid qildi. U “ushbu 80 foizni kamaytirish” uchun ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.

tashkent pharma park, farmatsevtika, шавкат мирзиёев

“Asakabank” va Farmatsevtika agentliga yirik mahalliy korxonalar bilan birga 2025-yilda keng iste’mol qilinadigan 200 turdagi dori vositalarini o‘zlashtirish hamda ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish bo‘yicha dastur tayyorlash topshirildi. Bunday loyihalarga xorijdan jalb qilingan 400 million dollar yo‘naltiriladi.

“Onkologik dorilar ishlab chiqarishga alohida urg‘u berish kerak, chunki biz ularni xorijdan olib kelamiz. Kelgusi yilda farmatsevtika loyihalari uchun 400 million dollar [kredit liniyasi] jalb qilamiz. Shuningdek, 100 million dollarlik kapitalga ega farmatsevtika tarmog‘ida Ilg‘or loyihalar investitsiya jamg‘armasini tashkil etamiz. Olimlar ham, tadbirkorlar ham, investorlar ham takliflar bilan chiqishi mumkin”, — dedi u (“O‘zbekiston 24” telekanali reportaji).

Jamg‘arma “biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlardagi loyihalarga ulush bilan kiradi, ularga katalizator bo‘ladi”.

tashkent pharma park, farmatsevtika, шавкат мирзиёев

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan Asakabankka sohani rivojlantirish uchun 100 million dollar kredit liniyasi ochilgan. Endi bu malag‘ lizing uchun ham beriladi.

Shuningdek, “Asakabank” tomonidan farmatsevtika sohasida yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 million dollarlik venchur kompaniya ochiladi. Startap loyiha chetdan qancha mablag‘ jalb qilsa, mazkur kompaniya shuncha pulni qo‘shimcha ekspertizasiz beradi.

Yangi ishlanmalar uchun Innovatsiya jamg‘armasidan 20 milliard so‘m grant ajratiladi. Bu olimlar yaratayotgan yangi mahalliy dori ishlanmalarini tijorat loyihasiga aylantirish va startaplar uchun yo‘naltiriladi.

Mahalliy farmatsevtika korxonalariga 2025-yil 1-yanvargacha berilgan bojxona imtiyozlari muddati yana 3 yilga uzaytiriladi. Gap O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar va materiallar haqida ketmoqda.

“Mamlakatimiz korxonalari yetakchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari texnologiyasi va retsepti asosida dorilar chiqarishga tayyor. Lekin bunday kooperatsiya uchun huquqiy asos yaratilmagani sababli har bir dorini yangi mahsulot kabi klinik tadqiqot va ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelyapti. Bunga ko‘p vaqt ketadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

tashkent pharma park, farmatsevtika, шавкат мирзиёев

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov va Farmatsevtika agentligi rahbari Abdulla Azizovga bir oy muddatda mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda ushbu jarayonni soddalashtirish maqsadida dori vositalarini shartnoma asosida ishlab chiqarishni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Tadbirkorlarning eksport bozorlarini kengaytirish uchun AQShning Oziq-ovqat va dori vositalari sifati nazorati boshqarmasi (FDA) hamda Yevropa tibbiyot agentligi sertifikatlarini olish xarajatlari budjetdan qoplab beriladi.

O‘zbekistonda o‘simliklarni sanoat usulida yetishtirib, qayta ishlash orqali substansiya va kosmetik komponent olish rivojlanayapti. Shunga muvofiq, Asaka bank ishtirokida kelgusi yilda har biri 5 gektardan bo‘lgan dorivor o‘simliklar plantatsiyasi barpo etilib, ularni qayta ishlash bo‘yicha 5 ta namunaviy loyiha bajariladi.

tashkent pharma park, farmatsevtika, шавкат мирзиёев

Umuman, farmatsevtikada 1 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilishi belgilandi. Ular talab yuqori dori vositalarini chet elnikidek sifatda ishlab chiqarib, bozorda raqobat yaratib, narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan.