“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining yuk operatori “Temiryo‘lkargo” kompaniyasi Xitoyda ilk vakolatxonasini ochdi. U Pekinda joylashgan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu jamiyatining xalqaro ishtirokini kengaytiradi va multimodal yuk tashishlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Ochilish “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetovning 14−15-dekabr kunlari Xitoyga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

U Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni (SHUAR)dagi China Railway Urumqi Bureau Group rahbari Go Szyan va “Lanyungan port kompaniyalari guruhi” MJCH partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari va port prezidenti Vang Guochao bilan muzokaralar o‘tkazdi.

o‘zbekiston temir yo‘llari, temiryo‘lkargo, uty

Muhokamalarda hamkorlik istiqbollari, multimodal tashuvlarni tashkil etish, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida yuk aylanmasini ko‘paytirish, shuningdek, konteynerli blok-poyezdlarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Xitoyning chegara punktlarida vagon va konteynerlarning kechikishi va to‘xtab qolishi masalalari ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.

Tomonlar o‘z hududlarida konteyner poyezdlari va vagonlar qatnovining tezlashuvi va harakatlanishini yo‘lga qo‘yish maqsadida muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi.

“Temiryo‘lkargo” korxonasi yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatish, yuk vagonlari va konteynerlar xo‘jaligini saqlash hamda rivojlantirish, “eshikdan eshikkacha” multimodal tashishlarni tashkil etish, logistika markazlari va terminallarni tashkil qilish bilan shug‘ullanadi. Uning tashkil etilishi temiryo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha 2023-yildagi prezident qarorida nazarda tutilgan.