Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga tinchlikparvar qo‘shinlarni yuborishni muhokama qilmoqda, ular o‘t ochish to‘xtatilgan yoki tinchlik bitimi tuzilgan taqdirda kiritiladi. Bu haqda Reuters o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Muzokaralar Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rahbarligida o‘tkazilmoqda va dastlabki bosqichda, ammo mamlakatlar o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjud — hatto bu masalani hozir muhokama qilishning maqsadga muvofiqligi haqida ham bahslar bor, deb yozadi agentlik.

Reuters xabariga ko‘ra, Yevropa yetakchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putinda muzokaralar vaqti kelgani va u jang maydonida o‘z pozitsiyasini saqlab qolishi mumkinligi haqida taassurot uyg‘otishni xohlamaydi. Ammo ba’zi amaldorlar Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qanday xavfsizlik kafolatlarini berishi, jumladan, Ukraina tuprog‘ida o‘n minglab askarlarni joylashtirishi mumkinligini ko‘rib chiqmoqda, deya qayd etadi Reuters.

“Bizning harbiy rahbarlarimiz kelajakda Yevropa Ittifoqi rahbarlari ko‘rib chiqishi uchun rejalarni allaqachon tayyorlamoqda”, — dedi Yevropa rasmiylari agentlikka.

Reuters suhbatdoshlariga ko‘ra, kuchlarning asosiy qismini Fransiya, Germaniya, Italiya, Polsha va Buyuk Britaniya qo‘shinlari tashkil etishi mumkin. Agentlikning ukrainalik manbalaridan birining aytishicha, Yevropadan kelishi mumkin bo‘lgan kuchlar besh-sakkiz davlatdan iborat koalitsiya tomonidan shakllantirilishi mumkin.

Reuters bilan suhbatlashgan ba’zi tahlilchilar Yevropa kontingenti 40 mingga yaqin harbiyni tashkil etishi mumkinligini taxmin qildi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar institutida ishlaydigan avstriyalik sobiq harbiy rejalashtirish mutaxassisi Frans-Shtefan Gadi safarbarlikka tayyorlanayotgan bo‘linmalarni o‘z ichiga oladigan rotatsiyaga 100 mingga yaqin harbiy jalb qilinishi mumkin, deb hisoblaydi. Anonim tarzda gapirgan Yevropa xavfsizlik ofitseri bunday bahoga qo‘shilishini bildirdi.

Har qanday xalqaro tinchlikparvar kuchlarning tarkibi faol muhokama qilinmoqda, chunki u har ikki tomon uchun ham maqbul bo‘lishi kerak, deb yozadi agentlik. Ba’zi davlatlar buning BMT shafeligida bo‘lishni taklif qilmoqda, ammo boshqa rasmiylar bu Rossiyaga juda katta ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblamoqda.

Yevropa qo‘shinlarining Ukrainada bo‘lishi Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuv xavfini oshiradi va yirik missiyalarda AQShning yordamiga ko‘proq tayanishga o‘rgangan Yevropa Ittifoqining harbiy kuchlarining ortiqcha zo‘riqishiga olib kelishi mumkin, deb ta’kidlaydi Reuters. Biroq agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan 7-dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Amerika qo‘shinlarining o‘t ochishni to‘xtatishni ta’minlashdagi ishtirokini istisno qilgan va buni yevropaliklar qilishi kerakligini ta’kidlagan.

Bu Kiyev NATOga a’zo bo‘lish orqali xavfsizlik kafolatini olishi yoki olmasligidan qat’i nazar, Yevropa kontingentini Ukrainada joylashtirishni anglatishi mumkin, deb yozadi Reuters.

Tahlilchilarning fikricha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari baribir AQShni razvedka ma’lumotlari va boshqa tezkor yordam yuborish orqali bu jarayonda ishtirok etishga ko‘ndirishlari kerak bo‘ladi.