2025-yilda O‘zbekiston hukumati xususiy sektorda ishlayotgan ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish nafaqalari budjetini yana 2,5 baravarga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan ma’qullangan kelgusi yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.
2022-yil sentabrdan boshlab xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga “dekret” nafaqalarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qisman to‘lash tizimi joriy etilgandi. To‘lov minimal iste’mol xarajatlarining 4 baravari miqdorini (2,59 mln so‘m) tashkil etadi.
Senatning 18-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida senator Malika Qodirxonova ushbu dastur uchun budjetdan ajratilgan mablag‘larning o‘zlashtirilishi nihoyatda past ekanini ma’lum qildi. Shu sababli ajratilayotgan mablag‘lar miqdori yildan-yilga kamaymoqda.
Masalan, 2023-yilda 300 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda atigi 11 foizi o‘zlashtirilgan. 2024-yil uchun budjet 3 barobar — 100 milliard so‘mga qisqartirilgan bo‘lsa, to‘qqiz oyda bu mablag‘ning atigi 30 foizi o‘zlashtirilgan. Aynan mablag‘larning o‘zlashtirilishi pastligi tufayli 2025-yilga atigi 40 milliard so‘m ajratilgan, dedi u.
Agar shunday davom etsa, amaliyot 3−4 yil ichida butunlay tugashi mumkin, deya ogohlantirdi senator.
Ayni paytda tug‘ilish ko‘rsatkichi yildan-yilga oshib bormoqda. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni 2023-yilda 960 mingdan ortgan, 2024-yilning to‘qqiz oyida esa 690 mingdan oshgan.
“Biz bu muammoga o‘tgan yili ham e’tibor qaratgan edik. Muammo nafaqalarning kamayishida emas, balki xususiy sektordagi ayollarning ushbu kafolatlangan huquqdan to‘liq foydalana olmayotganida. Bitta raqamni aytsam: 2023-yilda homiladorlik va tug‘ish nafaqasini olganlar orasida xususiy sektordagi ayollar ulushi atigi 1,7 foizni tashkil etgan, holbuki xususiy sektorda 1,4 million xotin-qiz ishlagan”, — dedi Malika Qodirxonova.
Senator norasmiy sektorda ishlayotgan ayollarning muammolariga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Ularning bu kafolatdan foydalanish imkoni yo‘q. Hukumat norasmiy bandlik ulushini kamaytirish bo‘yicha katta majburiyatlarni olgan bo‘lsa-da… Muammo aniq bo‘lsa, uni hal qilish uchun qanday aniq choralar ko‘rilmoqda? Balki xususiy ish beruvchilarning mas’uliyatini oshiradigan va, shu bilan birga, ularni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir?” — so‘radi u.
Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘tgan yilning shu davriga nisbatan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar soni 5,6 foizga ko‘p bo‘lganini, biroq bu, albatta, yetarli emasligini ta’kidladi.
U rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida gapira olmadi va Senat rahbari Tanzila Narbayevaga “muhokama, seminar yoki davra suhbati” doirasida ish o‘rinlarini qonuniylashtirish mavzusida muhokamalar o‘tkazishni taklif qildi.
“Biz buni batafsilroq tushuntirishimiz kerak. Hozir qattiq choralar ko‘rsak… Albatta, qat’iy chora ko‘rmay bo‘lmaydi, ochiq aytish kerak. Ayni paytda bir joyga yig‘ilib, buni tizimli muhokama qilishimiz, tadbirkorlarni taklif qilishimiz kerak”, — dedi u.
Tanzila Narboyeva xususiy sektordagi ayollarga “dekret” puli to‘lash amaliyoti prezident tashabbusi bilan gender siyosati va xotin-qizlarga shart-sharoit yaratish doirasida joriy etilganini eslatdi.
“Bu amaliyot keyingi yillarda rivojlanib bormoqda. Ammo uni rivojlangan mamlakatlarda ham darhol yaxshi darajada shakllantirish mumkin emas. Shu bois, buni birgalikda muhokama qilish uchun yaxshi taklif bildirildi… Bilaman, o‘rinbosaringiz BMT Ayollar tashkiloti vakili bilan memorandum imzolagan. Ushbu tashkilot, vazirligimiz, Senat va Qonunchilik palatasi bilan birgalikda ushbu tizimni har tomonlama muhokama qilish kerak”, — dedi u.
Senat rahbari zarurat tug‘ilganda yil davomida “dekret” puli uchun budjet mablag‘lari oshirilishi mumkinligini ta’kidladi.
Biz avval yozganimizdek, 2024-yilda budjet tashkilotlari xodimlariga homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar 1 trillion so‘mdan 850 milliard so‘mga kamaygan.