3-dekabr kuni prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilganidan so‘ng, Janubiy Koreya ittifoqchilari hayratda qoldi, deb xabar berdi Reuters tahlilchilar, amaldagi va sobiq diplomatlarga tayanib.

G‘arb diplomatlari Janubiy Koreyaning tashqi siyosatini olqishlab kelgan, biroq mamlakatning siyosiy bo‘linishlariga unchalik e’tibor bermagan va bu Yunning Xitoy va Shimoliy Koreyaga nisbatan qat’iy pozitsiyasiga ta’sir qilmasligiga umid qilib, mamlakat ichki ishlariga aralashishdan qochgan. Bu strategiya ish bermadi, deya qayd etadi agentlik.

Prezidentlik vakolatlari impichmentdan so‘ng to‘xtatilgan Yunning siyosiy qulashi AQSh va Yaponiyani ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lmagan siyosiy so‘llarga qaytishdan darak beradi, deya tushuntiradi Reuters.

“Uning Vashingtondagi ittifoqchilari faqat bir narsa — AQSh milliy xavfsizligidan xavotirda. Men (ichki) savolni ko‘targanimda, mendan: „Nima uchun bu muhim?“, deb so‘rashgandi, endi nima uchunligini tushunamiz”, dedi — global masalalar bo‘yicha Chikago kengashi xodimi Karl Fridxoff Reuters’ga.

Yangi Zelandiyaning Seuldagi sobiq elchisi Filipp Ternerning so‘zlariga ko‘ra, Yun “avtoritar tendensiyalarini”, ayniqsa, apreldagi parlament saylovlaridan keyin namoyon qilgan, biroq bu “odatiy siyosiy kuch namoyishi” sifatida qabul qilingan.

“Koreyslarning o‘zlari, shu jumladan, Yunning ko‘plab tarafdorlari singari, menimcha, hech bir diplomat Yun hech qanday asossiz harbiy holat e’lon qilishgacha borishiga ishonmagan, bu o‘zini demokratiya tarafdori qilib ko‘rsatgan sobiq prokurorning oqlab bo‘lmaydigan va tushunarsiz harakati”, — dedi Terner.

AQSh va boshqa G‘arb davlatlari Yunni global demokratiya va erkinlik himoyasidagi nutqi uchun qo‘llab-quvvatlagan. O‘tgan yili Janubiy Koreya prezidenti AQSh Kongressiga murojaat qilish uchun taklif qilingan edi — u o‘z nutqida 55 marta erkinlik va demokratiya so‘zlariga murojaat qilgan.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Yunning xatti-harakatlarini izohlar ekan, buni Donald Tramp tarafdorlari tomonidan 2021-yil 6-yanvarda Kapitoliyga qilingan hujum bilan solishtirdi.

“Men buni kutmagandim, ha, lekin bizda 6-yanvar bo‘lgan. Shunday ekan, dramatik voqealar hatto yuqori darajada rivojlangan, mustahkam demokratik davlatlarda ham sodir bo‘lishini tan olishimiz muhim, deb o‘ylayman”, — dedi Sallivan.

AQShning Seuldagi elchixonasida 2024-yil iyunigacha ishlagan sobiq amerikalik diplomat Genri Haggard G‘arb davlatlari Yunning qat’iy yondashuviga e’tibor bermaganidan rozi emas.

“Yunni Koreya tanlagan, shuning uchun uning kamchiliklari bizga emas, Janubiy Koreyaga tegishli edi. Biz Yundan, Koreyaning avtoritar o‘tmishini qumsaganmi yo yo‘q, bu ishni qilishini kutmagan edik, chunki biz har qanday prezident Koreyada deyarli hech kim soatni orqaga qaytarishga intilmasligini tushunadi, deb taxmin qilgandik”, — dedi u Reuters agentligiga.

  • 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Parlament qarorni blokladi va prezident uni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi rahbari Kim Yon Xyon iste’foga chiqdi, prezident, sobiq vazir va boshqa bir qator amaldorlarga nisbatan tergov boshlandi. Ular isyon, davlatga xiyonat va hokimiyatni suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda.
  • 12-dekabr kuni telemurojaatida Yun harbiy holat joriy etish qarori “davlat ishlarini normallashtirish” uchun to‘g‘ri va zarur bo‘lganini aytdi. U isyon ko‘tarishda ayblanish va iste’foga chiqishga da’vatlarni rad etib, oxirigacha kurashishga va’da berdi.
  • 14-dekabr kuni Janubiy Koreya parlamenti ikkinchi urinishda Yunning impichmentini qo‘llab-quvvatladi. Uning prezident sifatidagi vakolatlari darhol to‘xtatildi va bosh vazir Xan Dak Su davlat rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Ish Konstitutsiyaviy sudga yuborildi, u prezidentni lavozimidan chetlashtirish yoki qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi kerak.