Suriya urushdan charchagan va qo‘shnilari yoki G‘arb uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi, dedi mamlakatning amaldagi rahbari Ahmad al-Sharaa Damashqda BBC nashriga bergan intervyusida.

Al-Sharaa qo‘zg‘olonchilar alyansidagi hukmron kuch — “Hayyat Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhining rahbari bo‘lib, ilgari Abu Muhammad al-Jo‘loniy jangovar taxallusi bilan tanilgan. U tezkor hujumlarga boshchilik qildi, buning natijasida ikki haftadan kamroq vaqt oldin Bashar Asad rejimi ag‘darildi.

Intervyuda Al-Sharaa Suriyadan sanksiyalarni olib tashlashga chaqirdi.

“Endi, sodir bo‘lgan barcha voqealardan so‘ng, sanksiyalar olib tashlanishi kerak, chunki ular eski rejimga qarshi qaratilgan edi. Jabrlanuvchi va zolimga bir xil munosabatda bo‘lmaslik kerak”, — dedi u.

Isyonchilar yetakchisi, shuningdek, HTSHni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirdi. BMT, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab davlatlar tashkilotni ushbu ro‘yxatga kiritgan. Bunga boshida guruhning “Al-Qoida” tashkilotiga aloqadorligi sabab bo‘lgan. Biroq “Hay’at Tahrir ash-Shom” 2016-yilda “Al-Qoida” bilan aloqasini uzgan.

Al-Sharaaning so‘zlariga ko‘ra, HTSH terrorchi guruh emas, chunki uning jangchilari tinch aholi yoki tinch hududlarga hujum qilmagan va o‘zlarini Asad rejimi jinoyatlarining qurboni deb biladi.

U Suriya keyingi Afg‘onistonga aylanishi mumkinligi ehtimolini rad etdi. Uning ta’kidlashicha, bular o‘z an’analariga ega turli mamlakatlardir. Suriyada, uning so‘zlariga ko‘ra, boshqacha fikrlash tarzi bor, u ayollar ta’lim olishi kerakligiga ishonishini qo‘shimcha qildi.

“Bizning Idlibda universitetlar sakkiz yildan ortiq vaqtdan beri ishlaydi. O‘ylaymanki, ushbu universitetlarda ayollarning ulushi 60 foizdan ortiq”, — dedi al-Sharaa.

Suriyada spirtli ichimliklarni iste’mol qilishga ruxsat beriladimi, degan savolga u shunday javob berdi: “Gapirishga haqim yo‘q, chunki bu yuridik masalalar”.

Al-Sharaaning qo‘shimcha qilishicha, Suriyada yurisprudensiya bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi tuzilib, u yangi konstitutsiyani tuzadi. “Ular hal qiladi. Va har qanday hukmdor yoki prezident qonunga rioya qilishi kerak”, — dedi u.

  • 8-dekabrga o‘tar kechasi qo‘zg‘olonchilar Suriya poytaxti Damashqqa bostirib kirib, prezident Bashar Asad rejimini ag‘darganini e’lon qildi. U mamlakatni 24 yil, oilasi esa 1971-yildan buyon boshqargan. Asad mamlakatdan qochib, oilasi a’zolari bilan Rossiyada boshpana topdi.
  • Suriya o‘tish hukumatiga Muhammad al-Bashir rahbar bo‘ldi. U 2025-yil 1-martga qadar mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaradi. Ilgari u Suriya muxolifati tomonidan tashkil etilgan muqobil hukumatiga rahbarlik qilgan.