Ushbu maqola dastlab 2024-yil 30-sentabrda rus tilida e’lon qilingan.
2023-yil dekabrida o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholashga qaratilgan xalqaro PISA dasturining tadqiqot natijalari e’lon qilindi. PISA doirasida 15 yoshli maktab o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalari tahlil qilinadi. 2022-yil natijalariga ko‘ra, 18 ta mamlakat Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori natijalarni qayd etdi. 2018-yildan 2022-yilgacha IHTT mamlakatlarida matematikadan o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi rekord darajada — 15 bandga pasaydi. O‘qish ko‘rsatkichi 10 bandga tushdi, bu avvalgi rekorddan ikki baravar ko‘p. Tabiiy fanlardan o‘zlashtirish esa sezilarli darajada o‘zgarmadi.
Ko‘plab mamlakatlarda maktab o‘quvchilarining ta’lim ko‘rsatkichlari pasayishi kuzatilgan bunday beqaror davrda Yaponiya, Janubiy Koreya, Litva va Tayvan o‘z natijalarini saqlab qolishga yoki yaxshilashga erishdi. Matematika bo‘yicha dunyo jadvalida Singapur yetakchilik qilmoqda, undan keyingi o‘rinlarni Makao (Xitoy), Tayvan, Gonkong (Xitoy), Yaponiya va Janubiy Koreya egallagan.
Ular bunday muvaffaqiyatlarga qanday erishdi? Ulardagi ta’lim tizimining siri nimada? Bunday natija pedagoglarning xizmatimi?
IHTT Ta’lim va ko‘nikmalar bo‘yicha departamenti rahbari, PISA dasturi kuratori Andris Shlyayxer (“Gazeta.uz” uning intervyusini e’lon qilgan edi) o‘zining “Jahon darajasidagi ta’lim. XXI asrda maktab tizimini qanday qurish kerak?” kitobi alohida bobini yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ega maktab tizimlari bir-biridan nimasi bilan farq qilishi, eng yaxshi o‘qituvchilarni qanday topish va ushlab turish masalalariga bag‘ishlagan.
Lekin, shu o‘rinda savol tug‘iladi — eng yaxshi o‘qituvchi o‘zi kim? XXI asr pedagogi — bu nimani va nima uchun o‘qitayotganini chuqur va keng anglaydigan; yuqori akademik natijalarga olib keluvchi ta’lim muhitini yaratadigan; tadqiqotchilik ko‘nikmalariga ega, o‘z-o‘zini doimiy rivojlantiradigan va o‘quvchilarga a’lo darajadagi namuna bo‘lib xizmat qiladigan mutaxassisdir. Ayniqsa, XXI asr pedagogi hamkorlik, rejalashtirish va refleksiya ko‘nikmalariga ega bo‘lishini ta’kidlab o‘tish zarur.
Ta’lim tadqiqotchilari Tomas L. Gud va Elison Lavin davrimiz pedagoglariga xos ba’zi muhim xususiyatlarni umumlashtirib, quyidagilarni ta’kidlaydi: samarali o‘qituvchilar o‘z o‘quvchilarining o‘rganishga va o‘zlarining dars berishga qodir ekanligiga ishonadi; ular sinfda o‘tkazayotgan vaqtining ko‘p qismini o‘qitishga sarflaydi; kichik qadamlarni bajarishga asoslangan o‘quv dasturining jadal sur’atidan foydalanadi; o‘qitishning faol usullarini qo‘llaydi; o‘quvchilarni o‘rganilayotgan fanni to‘liq o‘zlashtirguniga qadar o‘qitadi.
Jon Hetti “O‘qituvchilar uchun ko‘rinadigan ta’lim” kitobida zamonaviy o‘qituvchilar ega bo‘lishi kerak bo‘lgan sakkizta mental yo‘nalishni ajratib ko‘rsatgan:
- Muvaffaqiyatli chiqqan taqdirda, foydalanishda davom etish, muvaffaqiyatsiz bo‘lsa — boshqasini qo‘llash. Ushbu yo‘nalish quyidagi savollarga javob topishga yordam beradi: “Bu usulning samarali ekanligini qanday bilaman?”, “Bu usulni boshqasi bilan qanday taqqoslash mumkin?”, “O‘qitishga ta’sir qiluvchi ushbu omilning afzalliklari va ahamiyati qanday?”, “Ta’siri qanchalik katta?”, “Qanday dalillarga tayanib ishonch hosil qilishim mumkin?”
- Pedagog “Barcha o‘quvchilar yetarlicha murakkab maqsadlarga erisha oladi”, “O‘quvchilar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish ta’limni yaxshilashga yordam beradi”, “Tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish ta’limni takomillashtiradi” kabi ijobiy qarashlarga amal qilishi kerak.
- O‘qituvchilar ta’limni moslashtirish bo‘yicha mutaxassis bo‘lib, o‘qitish va o‘rganishning turli strategiyalari hamda usullarini biladi, o‘z faoliyatida kouchingdan foydalanadi.
- Teskari aloqa ta’limga, shu jumladan, pedagoglar ta’limiga eng ko‘p ta’sir ko‘rsatuvchi omillardan biridir.
- O‘qituvchilar va rahbarlar o‘zaro muloqotdan foydalanadilar.
- Ular qiyinchiliklarni yengib o‘tishdan qoniqish hosil qiladilar va “Qo‘limizdan kelganini qilamiz” tamoyili bilan kifoyalanib qolmaydilar.
- Ularda empatiya hissi ustunlik qiladi.
- Ular ota-onalarga pedagogika tilini o‘zlashtirishga yordam beradilar.
Jahon tajribasi
Finlyandiya. Pasi Salberg “Fin saboqlari” kitobida yozishicha, maktab o‘qituvchisi kasbi keng ommalashgan kasblardan bo‘lib, bu kasbni faqat eng yaxshi va maqsadga intiluvchan yoshlargina egallashlari mumkin. Pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtiga kirish uchun o‘rta maktabni bitirib, imtihon topshirishning o‘zi yetarli emas. Buning uchun iqtidorli, kreativ, shijoatli, ko‘tarinki ruh, a’lo darajadagi muloqot qobiliyatiga ega va o‘z ishiga sidqidildan yondashadigan bo‘lish lozim. O‘qituvchilarni tayyorlash tadqiqotchilik yondashuviga asoslanadi. Bu esa Finlyandiyada o‘qituvchilarni tayyorlash dasturlarida pedagogika nazariyasi, tadqiqot usullari va amaliyotning uyg‘unligi muhim rol o‘ynashini anglatadi. Bu keyinchalik o‘qitish uslubiga, shuningdek, o‘quvchilarda tegishli ko‘nikmalarni rivojlantirishga ham ta’sir ko‘rsatadi.
PISA 2022 tadqiqoti natijalariga ko‘ra, finlyandiyalik o‘quvchilar matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha IHTT o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ball to‘pladi. Bundan tashqari, Finlyandiyada IHTT mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan ko‘proq o‘quvchilar kamida bitta fan bo‘yicha eng yuqori natijani (5 yoki 6-darajani) qayd etgan. Shu bilan birga, IHTT mamlakatlari o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan ko‘proq o‘quvchilar barcha uchta fan bo‘yicha til ko‘nikmalaridan minimal daraja (2-daraja yoki undan yuqorisi)ni qayd etgan.
Singapur. Singapur ham PISA natijalarida eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biriga ega. Andreas Shlyayxer “Jahon darajasidagi ta’lim” asarida ta’kidlaganidek, o‘qituvchilar har doim Singapur muvaffaqiyatining asosiy omili sifatida e’tirof etilgan. U yerda o‘qituvchilar malakasini oshirishga katta e’tibor qaratiladi — ular o‘z kompetensiyalarini doimiy ravishda yangilab turishlari lozim. Buning uchun ularga 100 soat ajratiladi. Hukumat nomzodlarni sinchkovlik bilan tanlaydi, ularga har oylik stipendiya taklif qiladi. Bunda bo‘lajak o‘qituvchilar universitetni tugatgandan so‘ng kamida uch yil dars berishi shart. O‘qituvchilar o‘rtasida muntazam ilg‘or tajriba almashishni ta’minlash maqsadida 2010-yilda O‘qituvchilar akademiyasi tashkil etilgan. O‘z samaradorligiga ishongan o‘qituvchi hamkasblarining darslarida qatnashadi, birgalikdagi kasbiy rivojlanish va o‘qitish jarayonlarida ishtirok etadi.
Shunday qilib, o‘qituvchilar o‘zaro hamkorlik qilish asnosida, bu ko‘nikmani o‘quvchilarga ham singdiradi. Milliy ta’lim instituti xodimi Devid Xun o‘qituvchilar dunyoqarashini o‘zgartirish ta’limdagi o‘zgarishlar yo‘lida hal qiluvchi qadam ekanini ta’kidlaydi.
Yaponiya. Yaponiya ham PISA tadqiqotlari natijalari bo‘yicha jahonda yetakchilardan biri hisoblanadi. Bu yerda pedagogning kasbiy mahorati nafaqat jamiyat oldidagi, balki o‘zi oldidagi burch va majburiyat hissi bilan belgilanadi. Yaponiyadagi o‘qituvchilar har bir o‘quvchi uchun optimal sharoit yaratishga intiladi. Ayni vaqtda, Yaponiyada pedagog unvonini olish juda qiyin.
Sensey — ustoz nafaqat murakkab imtihondan o‘tishi, balki qalam va mo‘yqalamni ham mohirona ishlatishi, musiqiy ma’lumotga, sport razryadiga ega bo‘lishi kerak. Kasbiy ko‘nikmalardan tashqari, sensey o‘quvchilarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish ko‘nikmalari, mustaqil ta’lim olish, o‘zaro yordam berish va o‘z-o‘zini tahlil qilish qobiliyatini shakllantiradi.
Kanada. Kanadalik o‘quvchilar matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha IHTT o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ball to‘pladi, shuningdek, IHTT mamlakatlari o‘rtasida eng yaxshi natijalar (5 yoki 6-daraja)ni qayd etdi. Ta’kidlash joizki, Kanada maktablarida muhojir oilalarning farzandlari ko‘pchilikni tashkil qiladi va ularning natijalari mahalliy bolalarniki bilan bir xil. Bularning bariga ta’lim tizimi turli madaniyat elementlarini o‘z ichiga olgani va o‘quvchilar dunyoga turli nuqtai nazardan qarashni o‘rgangani sharofati bilan erishilgan. O‘qituvchilar xilma-xillikka ijobiy munosabatni rivojlantiradi va har bir bolaning muvaffaqiyatga erishishiga ko‘maklashadi. O‘qituvchining o‘zi ham davlatdan xuddi shunday yordam oladi. Ayniqsa, faoliyatining boshlanishida:
- o‘qituvchini qo‘llab-quvvatlaydigan va uning shakllanishiga samarali ta’sir ko‘rsatadigan dasturlar ishlab chiqiladi;
- boshqaruv va moliyalashtirish provinsiya (viloyat) darajasida amalga oshiriladi, bu esa dasturlar orasida xilma-xillikni ta’minlaydi;
- uslubiy ta’minot ishlab chiqiladi;
- o‘qituvchining kompetentligi uning ham shaxsiy, ham kasbiy sifatlarini rivojlantirish orqali oshiriladi.
Ushbu dasturda ishtirok etish barcha “yangi” pedagoglar uchun majburiy. Ular mazkur dasturdan murabbiy nazorati ostida o‘tadi. Dastur yakunida ularga tegishli sertifikat beriladi.
XXI asr pedagogi portreti
Xalqaro tadqiqotlarda yetakchi o‘rinlarni egallagan xorijiy mamlakatlar tajribasi va ekspertlarning fikrlarini tahlil qilib, XXI asr o‘qituvchisining portretini quyidagicha shakllantirish mumkin:
Ta’lim
- oliy (magistratura);
- ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda ham, ishga qabul qilinishda ham sinchkovlik bilan saralashdan o‘tkaziladi.
Shaxsiy fazilatlar
- XXI asr ko‘nikmalariga ega;
- kasbini ongli ravishda tanlagan;
- doimiy rivojlanishda;
- yetakchilik qobiliyatiga ega;
- o‘z faoliyatini rejalashtira oladi;
- keng dunyoqarashga ega;
- o‘z-o‘zini tahlil qila oladi;
- sog‘lom turmush tarzini olib boradi;
- stressga chidamli;
- empatiya tuyg‘usiga ega;
- o‘quvchilarning ota-onalari bilan faol hamkorlik qiladi va ularga pedagogika tilini o‘zlashtirishda yordam beradi.
Kasbiy ko‘nikmalar
- nimani va nima uchun o‘rgatayotganini tushunadi;
- nafaqat bilim olishga, balki ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘qitishning faol usullaridan foydalanadi;
- har bir o‘quvchining o‘z yo‘nalishi bo‘yicha rivojlanishiga yordam beradigan o‘quv muhitini yaratadi;
- hamkasblari bilan uchrashuvlar tashkil etadi;
- tadqiqot faoliyatida faol ishtirok etadi;
- bolalarda XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
O‘quvchilarni o‘qitish va har tomonlama rivojlantirishda pedagog hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Faqat zamonaviy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan pedagoggina kelajakning tahdid va imkoniyatlariga tayyor yangi avlodni samarali tarbiyalash va rivojlantirishga qodir.
Muallif haqida: Rufina Gridneva — Toshkentdagi “Leader bolalar maktabi” nodavlat maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Qo‘qon davlat universiteti magistri, ixtisosligi — “Ta’lim tizimini boshqarish”.