Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.
Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqqan.
Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin va samarali hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.
Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari kimyoviy, radiatsiyaviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Suhbat davomida “O‘zbekiston ushbu jirkanch terrorchilik harakatini keskin qoralashi” va “ikki davlat maxsus xizmatlari o‘rtasida terrorizmga qarshi kurashish sohasida yaqin hamkorlikni davom ettirish niyati” ta’kidlangan.
- General Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov 17-dekabr kuni Moskvadagi Ryazan prospektidagi uydan chiqayotganida portlash oqibatida halok bo‘ldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi qurilma podezdga kiraverishdagi elektr samokatga yashirib qo‘yilgan bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi qotillik, terrorizm va o‘q-dorilarning noqonuniy muomalasi moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
- Reuters agentligi va New York Times gazetasi Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalariga tayanib, Kirillovni o‘ldirish operatsiyasini Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) amalga oshirganini xabar qilgandi. Uning o‘limidan bir kun oldin UXX Kirillovga nisbatan sirtdan ayblov e’lon qilib, generalni Ukraina armiyasiga qarshi kimyoviy qurollarni ommaviy qo‘llanilishida ayblagan.
- 18-dekabr kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi O‘zbekiston fuqarosi Moskvada sodir etilgan teraktda gumonlanib, qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Idoraning ta’kidlashicha, so‘roq paytida gumonlanuvchi “Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini” bildirgan.