Yangi yil bayrami arafasida Toshkent shahridan respublikaning turli hududlariga qo‘shimcha avtobus yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi.

Qayd etilishicha, “Toshkent” avtovokzalidan kundalik 53 ta reysga qo‘shimcha ravishda har kuni shaharlararo yo‘nalishlarda 20 dan ortiq avtobus qatnovlari tashkil etiladi.

Xususan, 20-dekabrdan 31-dekabrga qadar Toshkent — Navoiy, Toshkent — Zomin, Toshkent — Jarqo‘rg‘on, Toshkent — Shahrisabz, Toshkent — Qarshi, Toshkent — Qorako‘l, Toshkent — Termiz, Toshkent — Denov, Toshkent — G‘uzor, Toshkent — Uzun yo‘nalishlarida kundalik belgilangan reyslardan tashqari yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda kun davomida qo‘shimcha avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.

Qo‘shimcha avtobus reyslari hamda qatnov jadvallari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni Toshkent avtovokzali rasmiy kanali orqali olish mumkin.

Yo‘lovchilar chiptalarni Toshkent avtovokzali chiptaxonalaridan hamda ATTO, UzBus mobil ilovasi orqali onlayn tarzda sotib oladi. Qo‘shimcha ma’lumot uchun telefon: +998 71 207- 87- 00.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” 2024-yil 15-dekabrdan 2025-yil 12-yanvarga qadar bir qator yo‘nalishlarda qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etilishini xabar qilgandi.